Haj vizasi boʻyicha muhim xabar eʼlon qilindi
Saudiya Haj vazirligining yangi talablari buzilgan yoki yolgʻon maʼlumot berilgan taqdirda, Haj vazirligi choralar koʻrilishini bildirgan.

Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi “Haj – 2026” mavsumida ziyoratchida “Nusuk” platformasidan olingan tibbiy sogʻlomlik toʻgʻrisida guvohnoma boʻlgan taqdirda unga haj vizasi berilishi haqida bayonot eʼlon qildi.
Saudiya Arabistoni sogʻliqni saqlash vazirligi haj safari bilan shugʻullanuvchi vazirlik va idoralarga har bir ziyoratchini sinchkovlik bilan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish hamda haj safariga borish layoqatiga mos kelmaydigan kasallik bor-yoʻqligini aniqlash majburiyatini yukladi. Bu talab hojilar xavfsizligi va salomatligini taʼminlashga qaratilgan.
Haj-2026 hojilari tibbiy koʻriklardan oʻtmasdan va tegishli guvohnoma olmasdan haj vizasini rasmiylashtira olmaydilar.
Endilikda quyidagi kasalliklarga chalingan ziyoratchilar haj safariga yuborilmaydi:
- dializ talab qiladigan buyrak yetishmovchiligi;
- minimal jismoniy yuklamada ham namoyon boʻluvchi yurak yetishmovchiligi;
- davriy yoki doimiy ravishda kisloroddan foydalanishni talab qiluvchi oʻpkaning surunkali kasalliklari;
- jigar yetishmovchiligi belgilari bilan kechuvchi jigar sirrozining ogʻir bosqichi;
- ogʻir ruhiy va nevrologik buzilishlar;
- qarilik demensiyasi kasalliklari;
- homiladorlikning oxirgi uch oyi, shuningdek, yuqori xavfga ega boʻlgan har qanday homiladorlik;
- faol yuqumli kasalliklar (shu jumladan, silning ochiq shakli, gemorragik isitmalar va hokazo);
- kimyoterapiya yoki boshqa immunitetni susaytiruvchi muolajalar davomida kechayotgan faol onkologik kasalliklar.
Saudiya Haj vazirligining mazkur talablari buzilgan yoki yolgʻon maʼlumot berilgan taqdirda, tegishli choralar koʻrilishi bildirilgan.