Toshkentda salkam 47 gektar yer oʻzboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi
Eng koʻp huquqbuzarlik Mirobod, Mirzo Ulugʻbek, Sergeli, Olmazor va Yashnobod tumanlarida qayd etildi.

Toshkentda salkam 47 gektar yer oʻzboshimchalik bilan egallab olingani aniqlandi.
Joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida Kadastr agentligi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan yer va kadastr nazorati yoʻnalishida qator ishlar amalga oshirildi.
Oʻtkazilgan yer va kadastr nazorati tadbirlari natijasida 3 112 ta holatda 46,85 gektar yerlar oʻzboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlandi. Eng koʻp huquqbuzarlik poytaxtimizning Mirobod, Mirzo Ulugʻbek, Sergeli, Olmazor va Yashnobod tumanlarida qayd etildi.
Kadastr xodimlari tomonidan berilgan yozma koʻrsatmalar, olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida 2 006 ta holatda 16,47 gektar yer qonun buzilish holati fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda bartaraf etilishiga erishildi.
Yer uchastkalarini qaytarish va ularda qurilgan imoratlarni bartaraf etish boʻyicha 1 106 ta holatda 30,38 gektar yer maydoni bilan bogʻliq holatlar yuzasidan sudlarga daʼvo arizalari kiritildi.
Huquqbuzarlik holatida jinoyat alomatlari mavjud boʻlgan 28 ta ish hujjati oʻrnatilgan tartibga muvofiq prokuratura organlariga kiritildi.
Yuqoridagi oʻzboshimchalik bilan egallab olingan holatlar Oʻzbekiston Respublikasining 2024 yil 5 avgustdagi 937-son Qonuni talablariga mutanosib emas.
Aynan shuning uchun ham ushbu joylarda yer va kadastr nazorati tadbirlari amalga oshirildi.
Avvalroq Samarqanddagi tanqidiy yigʻilishda yetti nafar kadastrchi ishdan olingandi.
Oʻnga yaqin xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qoʻllanilgan. Ular aholidan tushayotgan arizalarni asossiz rad etib, eʼtiborsiz qoldirgan.