Shavkat Mirziyoyev Shota Rustaveli koʻchasidagi ishlar bilan tanishdi
19,2 million dollarlik ushbu loyiha natijasida yoʻlovchi oqimi soatiga 2 ming 500 dan 6 ming kishiga ortdi. Prezident avtobusda yurib, qulayliklarni koʻrdi, yoʻlovchilar bilan suhbatlashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 oktabr kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida boʻlib, Shota Rustaveli koʻchasida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlarini koʻzdan kechirdi.
Yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish va transportlar harakatiga qulaylik yaratish aholi soni muntazam oshib, hududi kengayib borayotgan Toshkent uchun dolzarb masala. Shu bois, ravon yoʻllar, muazzam koʻpriklar qurilib, mavjudlari zamon talablariga mos taʼmirlanmoqda.

Shota Rustaveli koʻchasi poytaxtimizning bir necha tumanlarini bogʻlovchi markaziy yoʻldir. Transportlar harakatiga qulaylik yaratish maqsadida uning Mirobod koʻchasidan Choshtepa koʻchasigacha boʻlgan qariyb 7 kilometr qismi rekonstruksiya qilindi.
Endilikda 10 ta qatnov qismiga boʻlingan yoʻlning 6 ta tasmasida avtomobillar, maxsus ajratilgan 2 ta yoʻnalishda avtobuslar harakatlanadi. Qolgan 2 ta yoʻlak esa avtomobillar toʻxtab turishi uchun moʻljallangan.
Prezident davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda avtobusda yurib, qulayliklarni koʻrdi, yoʻlovchilar bilan samimiy suhbatlashdi.
Koʻcha oʻrtasida rivojlangan mamlakatlarning ilgʻor tajribasidan kelib chiqib, BRT (Bus Rapid Transit) tizimi asosida ajratilgan avtobus yoʻlagi Toshkent shahrida birinchi bor amaliyotga tatbiq qilindi. Bu jamoat transporti qatnovini tezlashtirib, yoʻlovchilarga qulayliklarni yaxshiladi.
Umumiy qiymati 19,2 million dollarlik ushbu loyiha natijasida yoʻlovchi oqimi soatiga 2 ming 500 dan 6 ming kishiga ortdi. Shuningdek, sutkasiga 40 mingta avtomobil oʻtkazish imkoniyati yaratilib, oʻrtacha tezlik soatiga 23 kilometrdan 30 kilometrga yetkazildi.

Eng muhimi, bu oʻzgarishlar natijasida xavfsizlik darajasi oshib, yoʻl-transport hodisalari kamayadi.
Loyiha doirasida avtobuslar toʻxtashi uchun 21 ta yangi bekat, 463 ta “aqlli” svetofor oʻrnatildi. Intellektual transport tizimi joriy etildi. Yoʻl boʻyida avtomobillar toʻxtab turishi uchun ham sharoit inobatga olingan.
Shuningdek, velosiped yoʻlaklari, yashil hududlar, sugʻorish va drenaj tizimlari barpo etildi.
Shu yerda Toshkent shahrida alohida ajratilgan avtobus yoʻlaklarini uzaytirish, shahar atrofida transport bogʻlamalari tashkil etish loyihalari taqdimot qilindi.
– Agar metro yoʻllari qurmaganimizda, yangi avtobuslar olib kelmaganimizda bugun Toshkentda transport qatnovi qiyin boʻlardi. Shuning uchun odamlarni rozi qilish nuqtai nazaridan yoʻllarni toʻgʻrilayapmiz, jamoat transportini rivojlantiryapmiz. Bunday ishlarni barcha shaharlarimizda davom ettiramiz, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga jamoat transporti uchun qulayliklarni oshirib, tirbandlikni kamaytirish, shaharni Yangi Toshkent bilan samarali bogʻlash borasida topshiriqlar berdi.
Shota Rustaveli koʻchasining yangi qiyofasi nafaqat poytaxt koʻrkini oshirdi, balki Toshkentning zamonaviy va intellektual transport tizimiga qadam qoʻyganini namoyon etadi.