platina.uz
Jahon

Ozarbayjonda Prezident Administratsiyasi sobiq rahbari qoʻlga olindi

Ramiz Mehdiyev hokimiyatni zoʻravonlik bilan egallab olishga urinish va davlatga xiyonatda ayblangan.  

Ozarbayjonda Prezident Administratsiyasi sobiq rahbari qoʻlga olindi

Boku shahrining Sabail tuman sudi oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan Prezident maʼmuriyatining sobiq rahbari Ramiz Mehdiyevni toʻrt oyga uy qamogʻiga olish haqida qaror chiqardi.

Tergov maʼlumotlariga koʻra, 87 yoshli Mehdiyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-moddasi (hokimiyatni zoʻravonlik bilan egallab olish yoki ushlab turish), 274-moddasi (davlatga xiyonat) va 193-moddasi (soxta tadbirkorlik) boʻyicha ayblov qoʻyilgan.

Ramiz Enver oʻgʻli Mehdiyev 1938 yil 17 aprelda Boku shahrida tugʻilgan. 1957 yilda Boku dengiz maktabini, 1966 yilda Ozarbayjon davlat universitetining (hozirgi Boku davlat universiteti) tarix fakultetini tamomlagan. 1968 yilda Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining falsafa fakultetining aspiranturasiga oʻqishga kirib, 1972 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, falsafa fanlari nomzodi ilmiy darajasini oldi.

Mehdiyev siyosiy faoliyatini talaba yoshlar tashkilotlarida boshlagan. 1960-yillarning oxirlarida Ozarbayjon KP Naxchivan viloyati qoʻmitasida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 1970 yillarda “Ilmiy kommunizm” kafedrasida oʻqituvchi boʻlib ishlagan, keyinchalik Ozarbayjon Kompartiyasi Markaziy Komitetida turli lavozimlarda ishlagan.

1978 yilda 26 Boku Komissarlari okrug partiya qoʻmitasining birinchi kotibi etib saylandi. 1980 yillarda fan va oʻquv yurtlari boʻlimiga, soʻngra tashkiliy-partiya ishlari boʻlimiga rahbarlik qilgan. Bu davrda u Ozarbayjonda ateizmni targʻib qilish boʻyicha faol faoliyati bilan ham tanilgan.

1983 yilda Mehdiyev Ozarbayjon Kompartiyasi Markaziy Qoʻmitasi kotibi etib saylangan, ammo 1988 yilda u oʻz lavozimidan ozod qilinib, Fanlar akademiyasiga yuborilgan. 1980—90 yillarda ikki marta Oliy Kengash deputati etib saylangan. 1994-1995-yillarda Prezident Administratsiyasida boʻlim mudiri lavozimida ishlagan.

Ramiz Mehdiyev 1995-2019 yillarda Prezident Administratsiyasi rahbari boʻlib ishlagan va mamlakat siyosiy qarorlarini tayyorlash va amalga oshirishda asosiy shaxs hisoblangan. 2019 yilda bu lavozimni tark etgach, u Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining prezidenti etib saylangan, biroq 2022 yilda isteʼfoga chiqqan.

Mehdiyev uzoq yillik “Yangi Ozarbayjon” partiyasining aʼzosi boʻlgan, Prezident huzuridagi Afv etish komissiyasini boshqargan va partiya boshqaruvida ishlagan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 70 119 55 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid