platina.uz
Jahon

Afgʻoniston-Pokiston mojarosi: tomonlar oʻrtasida yangi keskinlik vujudga keldi

"Tolibon" harakati nafaqat Afgʻonistonda, balki Pokistonda ham mavjud. Ular oʻzlarini "Pokiston Toliboni" deb ataydi, Kobul esa ushbu kuchlarni qoʻllamasligini bildirgan. 

Afgʻoniston-Pokiston mojarosi: tomonlar oʻrtasida yangi keskinlik vujudga keldi

Afgʻoniston va Pokiston oʻrtasidagi ziddiyat yanada chigallashdi.

Soʻnggi kunlarda Afgʻoniston va Pokiston oʻrtasidagi keskinlik ortib, ikki qoʻshni davlat chegarasida oʻlimli toʻqnashuvlar yuz berdi.

Isroil va Falastin oʻrtasidagi urush endigina susaygan bir paytda, endi Janubiy Osiyoda yangi harbiy keskinlik kuzatilmoqda. Otishmalar oʻtgan payshanba kuni Kobul va Afgʻonistonning Paktika viloyatida roʻy bergan hujumlardan soʻng boshlangan.

Tarixiyga nazar tashlasak, Afgʻoniston va Pokiston oʻrtasidagi munosabatlar uzoq yillardan beri murakkab. 1893 yilda ingliz diplomati Mortimer Dyurand va Afgʻon amiri Abdurahmonxon oʻrtasida chizilgan Dyurand chizigʻi hozirgi chegarani belgilab bergan. Afgʻoniston bu kelishuvni mustamlakachilik davrida majburan tuzilgan deb hisoblab, uni rasman tan olmagan. Pokiston esa ushbu chiziqni xalqaro chegara sifatida koʻradi.

Pokiston 1947 yilda mustaqillikka erishganidan keyin Afgʻoniston “Pushtuniston” nomli mustaqil davlat tuzish gʻoyasini ilgari surgan. U Pokistondagi pushtun aholisi yashaydigan hududlarni oʻz ichiga olgan boʻlardi. Bu esa ikki mamlakat oʻrtasidagi ishonchni yanada zaiflashtirgan.

Jangarilar omili

Soʻnggi oʻn yilliklarda ikki davlat chegarasida turli jangarilar guruhlari faoliyat yuritib keladi. "Tolibon" harakatlari nafaqat Afgʻonistonda, balki Pokistonda ham mavjud boʻlib, ular oʻzlarini Pokiston Toliboni (Tehrik-e-Taliban Pakistan — TTP) deb ataydi.

Pokiston hukumati Afgʻonistonni TTP jangarilarini panohga olganlikda ayblab keladi. 2021 yilda Tolibon Afgʻonistonda hokimiyat tepasiga kelganidan soʻng, Pokiston bu xavfni yanada kuchaygan deb hisoblagan. Afgʻoniston esa bunday ayblovlarni rad etib, “biz Pokiston Tolibonini qoʻllab-quvvatlamaymiz” degan bayonot bergan.

Soʻnggi voqealar

2025 yil 9 oktabr kuni Xayber-Paxtunxva viloyatida Pokiston askarlariga TTP tomonidan hujum uyushtirilgani haqida xabar berildi. Shundan soʻng Pokiston Kobulga havo zarbasi uyushtirib, TTP yetakchisi Nur Vali Mehsudni nishonga oldi.

Oradan bir necha kun oʻtib, Afgʻoniston javob zarbalari berdi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, bu hujumlarda kamida 23 nafar pokistonlik va 9 nafar afgʻon askari halok boʻlgan. Har ikki tomon ham yoʻqotishlar soni bundan koʻproq ekanini bildirgan.

Toʻqnashuvlar hozircha toʻxtagan boʻlsa-da, chegarada vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Tomonlarning pozitsiyasi

Pokiston tomoni: “TTP Afgʻonistondan bizga hujum qildi, biz faqat oʻzimizni himoya qildik,” deya bayonot bergan. Afgʻoniston tomoni esa: “Pokiston bizning hududimizga noqonuniy havo zarbasi uyushtirdi, shuning uchun urushni ular boshladi,” deya javob qaytargan.

Yaʼni, har ikki davlat bir-birini ayblamoqda: TTP hujumlari mojaroni boshlab bergan boʻlsa, Pokistonning havo zarbasi uni ochiq qurolli toʻqnashuvga aylantirgan.

Hozirgi holat

Hozircha tomonlar oʻrtasida vaqtinchalik sulh amal qilmoqda. Biroq keskinlik yuqori boʻlib qolmoqda. Pokiston Afgʻonistonni TTPGA qarshi qatʼiy choralar koʻrishga chaqirmoqda, Afgʻoniston esa “biz ularni nazorat qilmaymiz, suverenitetimizni hurmat qiling” deya javob berdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 70 119 55 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid