Profilaktika inspektori xizmat uyida narkolaboratoriya tashkil etgani aniqlandi
Ichki ishlar xodimi “Telegram” orqali sintetik giyohvandlik vositalari savdosi bilan shugʻullanuvchi profil egasi topshirigʻi asosida ish olib borgan.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida narkotik moddalar savdosi bilan bogʻliq holatlar fosh etildi.
Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Toshkent shahrida tezkor-qidiruv tadbiri oʻtkazildi.
Oldindan kuzatuvga olingan, Toshkent shahar Olmazor tumani IIO FMB profilaktika inspektorining xizmat xonadoni koʻzdan kechirildi.
Natijada, inspektor ushbu xonadonda narkolaboratoriya tashkil etganligi aniqlanib, oʻrami bilan jami 10 kg 500 gr “Alfa-PVP” va 4 gr “Spays” sintetik narkotiklari hamda giyohvandlik moddalarini tayyorlashda foydalaniladigan 588 gr suyuqlik, asbob-uskunalar, elektron torozi borligi maʼlum boʻldi va ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, profilaktika inspektorning Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi doimiy yashash xonadoni tekshirilganda, yerga koʻmib, yashirib qoʻyilgan taxminiy ogʻirligi 430 gr boʻlgan “Alfa-PVP” narkotik moddasi borligi aniqlandi.
Maʼlum boʻlishicha, ichki ishlar xodimi “Telegram” messenjeri orqali sintetik giyohvandlik vositalari savdosi bilan shugʻullanuvchi profil egasi topshirigʻi asosida narkokurʼerlar tomonidan kontrabanda yoʻli bilan mamlakatimizga olib kelingan moddalarni qabul qilib olib, yashirin laborotoriya sharoitida ajal ogʻusini tayyorlab, tarqatish bilan shugʻullangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi hamda 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Angren shahar ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda narkotik moddalarni “zakladka” tarzida tarqatib, sotish bilan shugʻullanib kelayotgan Angren shahrida yashovchi, 2000 y.t. shaxs oʻzining 2001 y.t. jinoiy sherigidan 971 gr “Katinon” sintetik giyohvandlik vositasini qabul qilib olgan vaqtida ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan mazkur 25 yoshli shaxs qabul qilib olgan ajal ogʻusini kelgusida kichik boʻlaklarga taqsimlagan holda sotib, moʻmay daromad topishni rejalashtirgan.
Hozirda ularga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.