Majburiy mehnatga yoʻl qoʻygan 8 nafar mansabdor jazoga tortildi
Qumqoʻrgʻon tumani hokimi oʻrinbosari Nigora Jumayevaga jarima belgilandi. U xotin-qizlar faollariga terimchilarni paxtaga jalb qilish topshirigʻini bergani maʼlum boʻlgandi.

Majburiy mehnatga yoʻl qoʻygan 8 nafar mansabdor jazolandi. Bu haqda Bandlik vazirligi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlgan Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumanida hokim oʻrinbosari Nigora Jumayevaning oila va xotin qizlar faollariga paxta terimiga terimchilarni jalb qilish topshirigʻi bergani tasdigʻini topgan. Unga nisbatan MJTK 51-modda 1-qismi asosida jarima qoʻllanildi.
Buxoro shahar Abu Ali ibn Sino nomidagi Axborot-kutubxona markazi rahbari N.Aminova ham xuddi shunday qonunbuzarlikka yoʻl qoʻyib, jarimaga tortildi.
Paxta yigʻim-terimi mavsumida Davlat mehnat inspeksiyasi bolalar mehnati va majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, mehnat qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlash maqsadida muntazam monitoring olib bormoqda.
Mavsum davomida hozirga qadar umumiy hisobda
- 74 ta mehnat qonunchiligi buzilishi holati aniqlandi. Mehnat qonunchiligini buzgan mansabdor shaxslarga MJTKning 49-modda 1-qismi bilan maʼmuriy jarima qoʻllanildi;
- 8 nafar mansabdor shaxs MJTKning 51-modda 1-qismi bilan jazolandi;
-1400 nafardan ortiq terimchilar bilan mavsumiy mehnat shartnomalari tuzilishida yordam koʻrsatildi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda majburiy mehnatning har qanday shakli qatʼiy taqiqlangan va qonun buzuvchilarga nisbatan javobgarlik belgilanishi taʼminlanadi.