platina.uz
Jahon

Google Hindistonda 15 mlrd dollarlik sunʼiy intellekt markazi quradi

Mazkur xabar AQSh prezidenti Donald Trampning jiddiy noroziligiga sabab boʻlishi mumkin. Hindiston-AQSh iqtisodiy munosabatlari ham tarangligicha qolgan. 

Google Hindistonda 15 mlrd dollarlik sunʼiy intellekt markazi quradi

Google Hindistonda sunʼiy intellekt maʼlumotlar markazini qurish uchun 15 milliard dollar sarmoya kiritadi.

Googleʼning bosh kompaniyasi Alphabet Hindistonning janubiy Andhra Pradesh shtatida joylashadigan sunʼiy intellekt maʼlumotlar markazini qurish uchun 15 milliard dollar miqdorida investitsiya kiritishni rejalashtirgan.

Mazkur inshoot port shahri Visakhapatnamda quriladi va Googleʼning 12 ta mamlakatda joylashgan global sunʼiy intellekt maʼlumotlar markazlari tarmogʻining bir qismi boʻladi.

“Bu AQShdan tashqarida sarmoya kiritayotgan eng yirik sunʼiy intellekt markazimiz boʻladi”, — dedi Google Cloud bosh direktori Tomas Kurien seshanba kuni Hindiston poytaxti Dehlida boʻlib oʻtgan tadbirda.
U, shuningdek, sarmoya keyingi besh yil davomida amalga oshirilishini maʼlum qildi.

Eʼlon AQSh prezidenti Donald Tramp amerikalik kompaniyalarni ichki investitsiyalarni ustuvor qilishga chaqirayotgan bir paytda yangradi.

Hindiston soʻnggi yillarda sunʼiy intellekt (AI) maʼlumotlar markazlari uchun muhim manzilga aylanmoqda. Internetga kirish narxining pastligi va foydalanuvchilar sonining tez oʻsishi mamlakatni texnologiya gigantlari uchun bulutli xizmatlar va AI rivojlanishi markaziga aylantirgan.

Alphabet bosh direktori Sundar Pichai bu haqda shunday dedi:
“Mazkur markaz Hindistondagi korxonalar va foydalanuvchilarga ilgʻor texnologiyalarni taqdim etadi, AI innovatsiyasini jadallashtiradi va mamlakat miqyosida iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantiradi.”

Andhra Pradesh hukumati seshanba kuni loyiha boʻyicha rasmiy kelishuv imzolanganini eʼlon qildi.

“Bu bizning shtatimizning raqamli kelajagi, innovatsiyalari va global mavqei uchun ulkan siljishdir”, — dedi shtatning texnologiyalar vaziri Nara Lokesh.

Loyiha sunʼiy intellekt va bulutli infratuzilmani qayta tiklanuvchi energiya tizimlari hamda kengaytirilgan tarmoq bilan integratsiya qiladi.

Andhra Pradesh hukumati global investorlarni jalb etish maqsadida subsidiyalangan yer va arzon elektr energiyasini taklif qilmoqda.

Global professional xizmatlar firmasi JLLʼning “India Data Center Market Dynamicz 2024” hisobotiga koʻra, Hindistonning maʼlumotlar markazi sanoati soʻnggi besh yilda jadal rivojlanib, 2024 yilda 1 gigavatt quvvat chegarasidan oshgan. Bu 2019 yilga nisbatan deyarli uch baravar oʻsishni anglatadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 70 119 55 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid