Xitoyda bir qancha rohiblar ushlandi: AQSh Pekinga jiddiy talab qoʻydi
Bu voqea AQSh va Xitoy oʻrtasidagi yangi ziddiyat manbai boʻlishi mumkin. Ikki yirik iqtisodiyot oʻrtasida bojlar va eksport nazorati boʻyicha kelishmovchiliklar avj olgan.

AQSh Xitoydagi yashirin cherkov yetakchilarini ozod qilishni talab qildi.
Qoʻshma Shtatlar Xitoyning eng yirik yashirin cherkov tarmoqlaridan birining 30 nafar yetakchisi hibsga olingani xabar qilingach, ularni ozod qilishni talab qildi.
AQShda joylashgan ChinaAid nomli notijorat tashkilotning maʼlum qilishicha, ushbu roʻyxatda bir nechta rohiblar hamda Sion Cherkovi asoschisi Jin Minri ham bor. U 11 oktabr kuni 10 nafar zobit uning uyini tintuv qilganidan soʻng hibsga olingan.
Xitoy Kommunistik partiyasi ateizmni targʻib qiladi va dinni qattiq nazorat ostida ushlab turadi. Shunga qaramay, ayrim nasroniy guruhlar bu holatni soʻnggi oʻn yilliklardagi eng keng koʻlamli diniy tazyiq sifatida baholamoqda.
Nasroniylar uzoq vaqtdan beri faqat hukumat tomonidan ruxsat etilgan, partiya yoʻnalishiga amal qiluvchi rasmiy cherkovlargagina aʼzo boʻlishga majburlanmoqda. Ayni paytda hibsga olinganlarga rasmiy ayblov qoʻyilgan-qoʻyilmagani nomaʼlum.
“Bu kabi toʻxtovsiz taʼqiblar nafaqat Xudoning cherkoviga tajovuz, balki xalqaro hamjamiyatga ochiqchasiga qarshi chiqishdir,” — deyiladi Sion Cherkovi tomonidan eʼlon qilingan bayonotda.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio 12 oktabr kuni bergan bayonotida Xitoyni cherkov yetakchilarini ozod qilishga chaqirib, shunday dedi:
“Bu tazyiqlar Xitoy Kommunistik partiyasining, oʻz eʼtiqodiga partiya aralashuvini rad etgan va rasmiy roʻyxatdan oʻtmagan cherkovlarda ibodat qilishni tanlagan nasroniylarga nisbatan dushmanlikning yaqqol namunasidir.”
Matbuot anjumanida hibsga olishlar yuzasidan berilgan savolga javob bergan Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Lin Szyan bu ish boʻyicha xabardor emasligini maʼlum qildi.
U shunday dedi:
“Xitoy hukumati diniy masalalarni qonunga muvofiq boshqaradi va fuqarolarning diniy erkinliklarini hamda normal diniy faoliyatni himoya qiladi. Biz AQShning diniy masalalar bahonasida Xitoyning ichki ishlariga aralashishiga qatʼiy qarshimiz.”
2007 yilda atigi 20 kishidan boshlangan, Jin Minri asos solgan Sion Cherkovi hozirda butun mamlakat boʻylab 40 ta shaharda taxminan 10 ming aʼzoga ega. Bu esa uni Xitoydagi eng yirik yashirin cherkovlardan biriga aylantiradi.
2018 yil sentabr oyida Pekindagi mulkiga xavfsizlik kameralari oʻrnatish haqidagi hukumat bosimini rad etgani uchun cherkov faoliyati partiya tomonidan rasmiy ravishda taqiqlandi. Jin va bir nechta cherkov yetakchilari qisqa muddatga hibsga olingan.
Bu voqea AQSh va Xitoy oʻrtasidagi yana bir ziddiyat manbai boʻlib, ikki yirik iqtisodiyot oʻrtasida bojlar va eksport nazorati boʻyicha kelishmovchiliklar yana kuchaymoqda. Shuningdek, shu oy Janubiy Koreyada boʻlib oʻtishi kutilayotgan AQSh Prezidenti Donald Tramp va Xitoy raisi Si Szinpin oʻrtasidagi sammit oʻtadimi-yoʻqmi degan savollar ham paydo boʻlgan.
Si Szinpin boshchiligidagi Pekin ayniqsa nasroniylar va musulmonlarga nisbatan diniy erkinliklarni yanada koʻproq cheklab kelmoqda.
Shundan beri mamlakat boʻylab uning koʻplab filial jamoalari tekshirilgan va yopilgan. Jinning oilasi xavfsizlik sababli AQShga koʻchib ketgan, u esa oʻz jamoasiga xizmat qilish uchun Xitoyda qolgan. Hokimiyatlar uning mamlakatdan chiqishiga taqiq qoʻygan.