Suv xoʻjaligini raqamlashtirish boʻyicha alohida vazir oʻrinbosari shugʻullanadi
Sohani raqamlashtirish boʻyicha monitoring markazi tashkil etiladi. Markaz suv balansi, nasos stansiyalari va suv sarfi boʻyicha maʼlumotlarni tahlil qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 oktabr kuni suv xoʻjaligi sohasini raqamlashtirish, quyi boʻgʻinda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda sohaning xususiy sektor uchun jozibadorligini oshirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 50 ming kilometrlik sugʻorish tarmoqlari mavjud boʻlib, 1,6 ming nasos stansiyasi va 10 mingdan ziyod suv obʼektlari faoliyat yuritmoqda. Soʻnggi yillarda yurtimizda suv xoʻjaligi tizimini isloh qilish, irrigatsiya infratuzilmasini yangilash va suv resurslaridan tejamkor foydalanish borasida izchil choralar koʻrilmoqda. Biroq quyi boʻgʻindagi boshqaruv tizimida, jumladan, xizmat koʻrsatish samaradorligi, hisob-kitoblar shaffofligi va moliyaviy mustaqillik bilan bogʻliq hali yechimini kutayotgan muammoli masalalar bor.
Taqdimotda sohada amalga oshirilayotgan raqamlashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish va xizmat koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Yangi yondashuv asosida suv hisobini yuritish toʻliq elektron shaklga oʻtkaziladi. “Suv hisobi” axborot platformasi orqali foydalanilgan suv miqdori aniq hisoblanadi va isteʼmolchilarga elektron tarzda maʼlum qilinadi. Bu tizim hisob-kitoblarda inson omilini kamaytiradi, ortiqcha qogʻozbozlikni bartaraf etadi hamda resurslardan foydalanish samaradorligini oshiradi.
Maʼlumotlarning aniqligini taʼminlash maqsadida “Raqamli qishloq xoʻjaligi” platformasi bilan integratsiya yoʻlga qoʻyiladi.
Shu orqali sugʻoriladigan yerlar, ekin turlari va suv limitlari haqidagi maʼlumotlar avtomatik yangilanib boradi.
Shuningdek, sohadagi barcha maʼlumotlarni bir tizimda jamlash uchun Suv xoʻjaligi vazirligining “Suv xoʻjaligini raqamlashtirish va monitoring markazi” tashkil etiladi. Markaz suv balansi, nasos stansiyalari va suv sarfi boʻyicha maʼlumotlarni tahlil qiladi, qaror qabul qilish jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini yaratadi.
Bundan buyon suv xoʻjaligi sohasini raqamlashtirish masalalari bilan alohida vazir oʻrinbosari shugʻullanadi.
Sohada “Davlat suv kadastri” axborot tizimi yaratiladi. U orqali suv resurslariga oid maʼlumotlar tegishli vazirlik va idoralardan yigʻiladi va yagona bazada shakllantiriladi. Bu, oʻz navbatida, maʼlumot almashish jarayonini soddalashtirib, hisobotlarni qogʻozda yuritish amaliyotini qisqartiradi. “Davlat suv kadastri” tizimini 2026 yil apreliga qadar toʻliq ishga tushirish rejalashtirilgan.
Quyi boʻgʻindagi xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Ehtiyoj va mavsumiy sharoitdan kelib chiqib, xizmatlarda shtatlarning oʻzgaruvchan boshqaruv tizimi joriy etiladi. Xizmatlarning samaradorligi KPI koʻrsatkichlari asosida baholanadi.
2026 yildan boshlab xodimlarni ragʻbatlantirish tizimi amaliy natijalarga bogʻlanadi, yaʼni yetkazilgan suv miqdori va foydalanilgan hajm oʻrtasidagi tafovut asosida baholanadi.
Muassasalarning moliyaviy mustaqilligini oshirish maqsadida suv soligʻidan tushgan mablagʻlarning 40 foizini oʻzining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yoʻnaltirishiga ruxsat beriladi.
Suv xoʻjaligi nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarish amaliyoti kengaytiriladi. 2026 yilda Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridagi nasos stansiyalarning 50 foizi, 2027 yilga borib esa Namangan viloyatidagi barcha nasos stansiyalarini xususiy sheriklikka berish rejalashtirilmoqda.
Bu borada Namangan viloyatining Chortoq tumanida “bir nasos – bir tizim” tamoyili asosida “Chortoq tajribasi” amalga oshiriladi. Bunda xususiy sherik isteʼmolchilarni suv limiti doirasida suv bilan taʼminlaydi, nasoslarga bogʻlangan maydonlardan hisoblangan suv soligʻining 40 foizi xususiy sherikka toʻlab beriladi. Ushbu mablagʻlar hisobiga suv hisobini avtomatlashtirish va nasos stansiyalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish yoʻlga qoʻyiladi.
Tajribaning mazmun-mohiyati va afzalliklarini dehqon va fermerlarga yetkazish maqsadida “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida 2025-2026 yillarda har bir tumanda bittadan “oʻquv dala-shiypon” tashkil etilib, jami 141 ta tumanda 3,5 ming gektar maydon qamrab olinadi.
Prezidentimiz mutasaddilarga sohada raqamlashtirishni jadallashtirish, hisob va hisobot jarayonlarini toʻliq avtomatlashtirish, quyi boʻgʻinda xizmat koʻrsatish samaradorligini oshirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish va xodimlarning masʼuliyatini kuchaytirish boʻyicha aniq topshiriqlar berdi hamda bu boradagi tegishli hujjatlarni imzoladi.