platina.uz
Siyosat

Shavkat Mirziyoyev general Rustam Ahmedov vafoti sabab hamdardlik bildirdi

Mamlakatning birinchi mudofaa vaziri, sobiq favqulodda vaziyatlar vaziri, isteʼfodagi general-polkovnik Rustam Ahmedov 12 oktabr kuni olamdan oʻtdi. 

Shavkat Mirziyoyev general Rustam Ahmedov vafoti sabab hamdardlik bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev va boshqa qator siyosiy arboblar ggeneral Rustam Ahmedov vaffoti sabab hamdardlik bildirdi.

Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining taniqli namoyandasi, mamlakatning birinchi mudofaa vaziri, isteʼfodagi general-polkovnik Rustam Oʻrmonovich Ahmedov shu yil 12 oktabr kuni 82 yoshida vafot etdi.

Rustam Ahmedov 1943 yil 10 noyabrda Fargʻona viloyatining Bagʻdod tumanida tugʻildi. Oʻrta maktabni tugatganidan soʻng dastlab Toshkent oliy tank qoʻmondonlik bilim yurtida, keyin Moskva shahridagi Zirhli tank qoʻshinlari harbiy akademiyasida taʼlim oldi.

Butun hayotini harbiy sohaga bagʻishlagan R.Ahmedov tank polkida vzvod komandiri, tank diviziyasi siyosiy boʻlimi boshligʻining yordamchisi, tank diviziyasi bataloni komandirining siyosiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, Toshkent oliy tank qoʻmondonlik bilim yurti kursantlar bataloni komandirining oʻrinbosari lavozimlarida xizmat qilib, shaxsiy tarkibni boshqarish, uning harbiy, jismoniy va maʼnaviy tayyorgarligini oshirish borasida yetarli bilim va tajriba orttirdi.

Toshkent oliy tank qoʻmondonlik, Samarqand oliy harbiy avtomobil qoʻmondonlik va Toshkent oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurtlarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan yillarida uning tashkilotchilik qobiliyati yaqqol namoyon boʻldi.

Vatanimiz istiqlolga erishganidan soʻng R.Ahmedov Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa vaziri, ayni vaqtda birmuncha muddat Milliy gvardiya qoʻmondoni vazifasini bajaruvchi sifatida faol ish olib borib, milliy armiyamizni shakllantirish, davlatimiz mudofaa tizimini barpo etish, harbiy kadrlarni tayyorlash yoʻlida jonbozlik koʻrsatdi. Mudofaa vazirligining Bosh shtabi qayta tashkil etilib, Qurolli Kuchlar Birlashgan shtabiga aylantirildi, harbiy okruglar tuzildi, harbiy qismlarning joylashuv va boshqaruv tizimi takomillashtirildi. Mudofaa vazirligining boshqa kuch tuzilmalari bilan hamkorligini mustahkamlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.

Rustam Ahmedov 1997–1998 yillarda Oʻzbekiston favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida ham faoliyat olib borgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 70 119 55 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid