Jizzaxda loyiha-smetasiz AES qurilishi boshlandi
Iqtisodchilar stansiyaning loyihasida qancha mablagʻlar yozilganiga qiziqish bildirgan, ammo hozircha maʼlumotlar ochiqlanmagan.

Jizzaxda tinchlik maqsadida deb aytilgan atom elektr stansiyasi qurilishi boshlangan. Handaq qazish ishlarini "Oʻzatom" va "Rosatom" rahbarlari rasmiy ochib berishgan.
Ammo ayrim iqtisodchilar ushbu AES loyiha-smetasiz qurila boshlanganiga eʼtibor qaratishgan. Xususan, Otabek Bakirovning yozishicha, loyihaning aniq qiymati, hatto bosh shartnoma ham yoʻq.
"Oʻtayotgan haftada Rossiyaning Ukrainaga bosqini sabab AQSh sanksiyalariga kiritilgan Lixachev (Ukrainaga hududidagi Zaporoje AESni bosib egallab olgan "Rosatom" direktori) va uning mahalliy hamkasbi Axmedxodjayev Jizzaxda AES qurilishi boshlanganini eʼlon qilishdi.
Lekin bu jarayonda koʻpchilik yana eʼtibor qilmagan navbatdagi oʻta xavfli qadam ham bor. Hali biron joyda AES qurilishi boʻyicha loyiha-smetasi tasdiqlangani eʼlon qilingani yoʻq. Tinimsiz oʻzgarib borayotgan loyihaning aniq qiymatiyam yoʻq, hali bosh shartnomaning oʻziyam yoʻq.
Eslatib oʻtish kerakki, oʻtgan yili fojeali oʻlimlar va ulkan yoʻqotishlarga olib kelgan avariya yuz bergan, keyingi taqdiri nomaʼlum qolayotgan "Mustaqillikning 25 yilligi" gaz-kimyo majmuasi boʻyicha ham loyiha-smetasi tasdiqlanmay qurilish boshlangan. Oʻzi shonli-shotir energetiklar va pudrat qirolining qoʻli tekkan megaloyiha borki, GTL zavoddan tortib Yoshlik koni fabrikalarigacha, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsat berilgan. Yaʼni, bu "fortochka" bilan narx ham karrasiga oshaveradi, yakuniy tasdiqlanmagan loyiha tinimsiz oʻzgaraveradi, bu usul Oʻzbekistonda davlat va byudjet mablagʻlarini hisobsiz oʻzlashtirish va oʻzbek xalqini sogʻish vositasiga aylanib qolgan.
Qurilish ishlarini loyiha-smeta ishlari bilan baravar olib borishni butunlay toʻxtatish lozimligi haqida oxirgi yillarda bir necha marta gapirilgan. Tasdiqlangan Loyiha yoʻqmi, Loyihachida ham, Buyurtmachida ham, Pudratchida ham hech qanday masʼuliyat va javobgarlik boʻlmaydi", deb yozgan iqtisodchi.
Rasmiy xabarga koʻra, 2026 yil mart oyida reaktor qurilmasi uchun “birinchi beton” quyish ishlari boshlanadi.
“Ushbu loyiha hurmatli Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilmoqda. Bu Oʻzbekistonning energetik mustaqilligi uchun yangi davrni ochadi, barqaror energiya taʼminotini taʼminlaydi, iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantiradi va minglab yangi ish oʻrinlarini yaratadi. Mahalliy resurslar va texnologiyalardan foydalanish loyihani haqiqiy milliy loyihaga aylantiradi va mamlakatning texnologik suverenitetini mustahkamlaydi”, degan AES qurilishi direksiyasi direktori Abdijamil Kalmuratov.