Oʻzbekiston birinchi mudofaa vaziri Rustam Ahmedov vafot etdi
Marhum 1997 yil sentabr oyidan 1998 yil sentabr oyigacha Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida ham faoliyat yuritgan.

Oʻzbekiston birinchi mudofaa vaziri general-polkovnik Rustam Ahmedov vafot etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Rustam Ahmedov oʻzining 40 yildan oshiq umrini Qurolli Kuchlarga bagʻishlagan.
General-polkovnik 1943 yil 10 noyabrda Fargʻona viloyatining Bogʻdod tumanida tavallud topgan.
1965 yilda Toshkent oliy tank qoʻmondonlik bilim yurtini “tank qoʻshinlari taktik qoʻmondonligi” mutaxassisligi boʻyicha, 1985 yilda esa Zirhli tank qoʻshinlari harbiy akademiyasini “qoʻmondon-shtab operativ-taktik” mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan.
1966 yildan 1972 yilgacha qadar Boltiqboʻyi qoʻshinlari harbiy okrugi 11-armiya tank polki tank vzvodi komandiri lavozimidan Shimoliy qoʻshinlar tankchilar diviziyasi tankchilar bataloni komandirining siyosiy boʻlim boʻyicha oʻrinbosari lavozimlarida xizmat qilgan.
1972 yildan 1986 yilgacha Toshkent oliy tank qoʻmondonlik, Samarqand oliy harbiy avtomobil qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtlarida kursantlar batalonida komandirning tarbiyaviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari hamda batalon komandiri lavozimlarida xizmat oʻtagan.
1986 yildan 1991 yilgacha Toshkent viloyati fuqarolik mudofaasi komandirining oʻrinbosari – shtab boshligʻi lavozimida xizmat qilgan.
1991 yildan 1992 yilgacha bir vaqtning oʻzida mustaqil Oʻzbekiston Mudofaa ishlari boʻyicha vaziri – Oʻzbekiston Respublikasi Milliy Gvardiya qoʻmondoni lavozimida, 1992 yildan 1997 yilgacha esa Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.
Rustam Ahmedov mustaqil Oʻzbekistonning birinchi mudofaa vaziri sifatida tarixdan joy oldi.
Marhum nafaqat mudofaa tizimida, balki 1997 yil sentabr oyidan 1998 yil sentabr oyigacha Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.
1998 yilda nafaqaga chiqqan.
Shuningdek, 2018 yildan 2020 yilgacha Mudofaa vazirining maslahatchisi lavozimida mudofaa tizimining muhim yoʻnalishlarini qayta isloh qilishda faol ishtirok etgan.
Koʻp yillik fidoyi xizmatlari uchun Sobiq ittifoq va Oʻzbekiston Respublikasining bir qator orden va medallari bilan taqdirlangan.
1993 yilda Oʻzbekiston Respublikasi Faxriy yorligʻi va 1995 yilda II darajali “Shon-sharaf” ordeni bilan mukofotlangan.
Milliy armiyasini rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi uchun 2018 yilda “Doʻstlik”ordeni bilan taqdirlangan.