Dam olish kuni xonadonda "remont" qilish taqiqlanyapti
Deputatlar “Aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda qabul qilib, senatga yuborishdi.

Qonunchilik palatasi deputatlari “Aholini shovqinning zararli taʼsiridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilib, senatga yubordilar.
Unga koʻra, fuqarolarning tinchligi va dam olishini buzishga yoʻl qoʻyilmaydigan vaqtlar oraligʻi amaldagi 7 soatdan (soat 23:00 dan 06:00 gacha) 8 soatga (soat 23.00 dan 07.00 gacha), dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari esa soat 22:00 dan 09:00 gacha oʻzgartiriladi.
Shuningdek, aholi istiqomat qiladigan koʻp kvartirali uylarda shovqinning yoʻl qoʻyiladigan darajasidan oshadigan qurilish va taʼmirlash ishlarini ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshirish mumkin.
Ayni paytda har qanday dam olish kunida belgilangan soatlarda bemalol shovqin qilib, taʼmirlash ishlari olib borish mumkin.
Ushbu vaqt oraligʻida fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik choralari kuchaytiriladi.
Bundan tashqari, shovqinning zararli taʼsiri natijasida yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya sud tartibida undirilishi, kompensatsiya toʻlash shovqinning zararli taʼsirining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni bajarishdan ozod etmasligi, shovqinning yoʻl qoʻyiladigan darajasidan yuqori boʻlgan mehnat sharoitlaridagi ishlarda band boʻlgan xodimlarning mehnati uchun mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka asosan oshirilgan miqdorda haq toʻlanishi belgilanmoqda.
Fuqarolarning osoyishtaligini va normal dam olishini buzishga yoʻl qoʻyilmaydigan vaqt oraligʻida belgilangan normadan ortiq shovqinga muntazam ravishda yoʻl qoʻyayotgan obektlar faoliyatini toʻxtatib turish mexanizmi aniqlashtirilmoqda.