Prezident Xivada MDH Yoshlar forumini oʻtkazishni taklif qildi
Shavkat Mirziyoyev Afgʻonistondagi vaziyatga alohida eʼtibor qaratib, ushbu mamlakatdagi infratuzilma loyihalarida birgalikda ishtirok etish tashabbusini ilgari surdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev MDH Davlat rahbarlari kengashi yigʻilishida koʻp tomonlama hamkorlik samaradorligini oshirish hamda mamlakatlar iqtisodiyoti barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan bir qator amaliy takliflar bilan chiqdi.
Jumladan:
– global beqarorlik sharoitida MDH formati barqaror va zarur tuzilma sifatida oʻzini namoyon etayotganini taʼkidlab, eʼtiborni hamkorlikning amaliy yoʻnalishlariga qaratishni taklif qildi;
– barcha transport turlari bilan integratsiyalashgan axborot-logistika markazlarini yaratish hamda transport sohasida davlat-xususiy sheriklik masalalari boʻyicha MDH mamlakatlari konferensiyasini Oʻzbekistonda oʻtkazish tashabbusini ilgari surdi;
– maxsus iqtisodiy zonalarni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tayyorlashni, shuningdek, MDH Venchur platformasini yaratish orqali startaplar va innovatsiyalarni ilgari surishni taklif qildi;
– Oʻzbekiston Toshkent shahrida «INNOPROM» koʻrgazmasi doirasida MDH innovatsion sanoat forumini oʻtkazishga tayyorligini maʼlum qildi;
– MDH energetika sektorini innovatsion rivojlantirish dasturini ishlab chiqish va anʼanaviy hamda “yashil” energetika boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirish taklifini bildirdi;
– Raqamlashtirish va sunʼiy intellekt sohasida koʻp tomonlama amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqish, shuningdek, fan, taʼlim va madaniyat sohalarida hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi;
– Diplomlarni oʻzaro tan olish boʻyicha yangi davlatlararo kelishuvni tayyorlash, shuningdek, Xiva shahrida MDH Yoshlar forumini oʻtkazib, Yoshlar innovatsiya laboratoriyasini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi;
– xavfsizlik masalalariga toʻxtalib, MDH mamlakatlari tashqi siyosat idoralari va maxsus xizmatlar oʻrtasida muvofiqlashtiruvni kuchaytirish, shuningdek, Afgʻonistondagi vaziyatga alohida eʼtibor qaratib, ushbu mamlakatdagi infratuzilma loyihalarida birgalikda ishtirok etishni taklif qildi.
Avvalroq pprezident Rossiya-Markaziy Osiyo sammitida ham tashabbuslar bilan chiqqandi.