Jizzaxda byudjetdan salkam 3 mlrd soʻm ajratildi
Mablagʻning katta qismi Sharof Rashidov bogʻining umumiy arxitekturaviy qiyofasini zamonaviy koʻrinishga keltirish uchun sarflanadi.

Xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashi 10 oktabr kuni turli maqsadlar uchun 2,9 mlrd soʻm ajratish haqida qarorlarni imzoladi.
Jumladan, Jizzax shahridagi Sharof Rashidov bogʻining umumiy arxitekturaviy qiyofasini zamonaviy koʻrinishga keltirish uchun 1,2 milliard soʻm ajratiladi.
Shuningdek, Jizzax shahrini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, shahar qiyofasini yanada yaxshilash uchun 1 milliard soʻm mablagʻni Jizzax shahar mahalliy byudjetiga oʻtkazib beriladi.
Tugʻuruq jarayonlarida oʻtkir qon yoʻqotilishi bilan bogʻliq holatlarda autogemo reinfuziya operatsiyasini bajarish uchun zamonaviy Cell Saver apparatini xarid qilish uchun esa 730 million soʻm Respublika ixtisoslashtirilgan Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialiga ajratiladi.
Barcha mablagʻlar viloyat mahalliy byudjeti daromadlari rejasining oshirib bajarilgan qismi hisobidan sarflanadi.
