Issiqxona xoʻjaliklariga qator imtiyozlar beriladi
2026 yil 1 yanvardan boshlab 2028 yil yakuniga qadar ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilanadi.

Issiqxona xoʻjaliklariga imtiyozlar beriladi va ularning faoliyati samaradorligi oshiriladi.
“Issiqxona xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini koʻpaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–181-son, 08.10.2025 y.) qabul qilindi.
Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan maqsad etib meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini koʻpaytirish, issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish hamda yangi zaxira va imkoniyatlarni ishga solish belgilandi.
Farmonga koʻra, 2025–2027 yillarda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini oshirish, issiqxona xoʻjaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish hamda qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:
- meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini 2026 yilda – 3,5 milliard AQSh dollari, 2027 yilda 4 milliard AQSh dollariga yetkazish;
- issiqxona xoʻjaliklarini tabiiy gaz bilan kafolatli taʼminlagan holda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmini 2026 yilda – 620 ming tonnaga, 2027 yilda 670 ming tonnaga yetkazish, ushbu mahsulotlarning eksporti hajmini 30 foizdan 70 foizga oshirish;
- 2026 yilda qoʻshimcha aniqlangan 20 ming gektar, 2027 yilda 15 ming gektar dala chetiga mevali koʻchat va sabzavotlar ekishni tashkil etish.
Issiqxona xoʻjaliklari uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun ularga quyidagi imtiyozlar berildi:
- 2026 yil 1 yanvardan boshlab 2028 yil yakuniga qadar ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib;
- 2025 yil 1 oktabr holatiga mavjud soliq qarzi yuzasidan toʻlov muddati foizlarni hisoblamagan holda 2028 yil yakuniga qadar uzaytiriladi.
Iyul oyida prezident Shavkat Mirziyoyev issiqxonalarning ekologiyaga salbiy taʼsiri muammosini hal etishni topshirgandi.
Issiqxonalar toifasidan qatʼi nazar, yer soligʻini qishloq xoʻjaligi yerlari stavkasida toʻlashi belgilangan.
