HAMAS urush tugaganini eʼlon qildi, Isroil kelishuvni maʼqulladi: tafsilotlar
AQSh tomonidan ilgari surilgan kelishuvga har ikkala tomon rozi boʻldi. HAMAS AQShdan muhim kafolatlar olganini bildirdi.

HAMAS guruhi Isroil bilan urush tugaganini eʼlon qildi.
Guruhning bosh muzokarachisi Xalil al-Hayyaning soʻzlariga koʻra, HAMAS AQSh va vositachilardan sulh bitimining birinchi bosqichi “Gʻazodagi urushning mutlaq tugashini” bildirishi boʻyicha kafolat olgan.
Donald Tramp dastlab Isroil va HAMAS Gʻazodagi mojaroga barham berish boʻyicha tinchlik rejasining birinchi bosqichini imzolaganini eʼlon qildi. HAMAS buni tasdiqladi.
Al-Jazira telekanaliga koʻra, kelishuvning dastlabki qismida mahbuslar almashinuvi va Isroil qoʻshinlarini Gʻazodan olib chiqib ketish koʻzda tutilgan.
Kelishuvga koʻra, Isroil mojaro boshlanganidan beri umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan 250 nafar falastinlikni va 1700 nafar gʻazolikni qoʻyib yuboradi.
Al-Hayyaning qoʻshimcha qilishicha, sulh uzoq muddatli oʻt ochishni toʻxtatishga, gumanitar yordam importiga va Misr bilan chegara punktining ochilishiga olib keladi.
Trampning tinchlik rejasi doirasidagi keyingi qadamlar hali ham muhokama qilinmoqda. Harbiy harakatlar tugaganidan keyin Gʻazo sektorini boshqarish masalalari va haligacha qurolsizlanish talablarini rad etib kelayotgan XAMASning yakuniy taqdiri hal etilmagan.
Ayni paytda Tramp shartnoma imzolash marosimida qatnashish uchun Misrga borish rejasini maʼlum qildi.
"Men u yerga borishga harakat qilaman. Biz vaqtni belgilash ustida ishlamoqdamiz va Misrga boramiz, u yerda shartnomalarni imzolashimiz kerak boʻladi", - dedi AQSh prezidenti.
Isroil tomoni ham Gʻazo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish va qoʻshinlarni anklavdan olib chiqishni oʻz ichiga olgan Gʻazo sektorida oʻt ochishni toʻxtatish kelishuvini maʼqulladi.
Bosh vazir Binyamin Netanyaxu buni “muhim voqea” deb atadi va AQSh prezidenti Donald Trampga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi yigʻilishida ishtirok etgan uning maxsus vakili Stiv Uitkoff va AQSh prezidentining kuyovi Jared Kushnerga minnatdorchilik bildirdi.
Trampning soʻzlariga koʻra, isroillik garovga olinganlar HAMAS asirligidan “13 yoki 14 oktabr kuni” ozod etilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasi yigʻilishi oldidan kelishuv doirasida Isroil umrbod qamoq jazosini oʻtayotgan 250 nafar mahbusni ozod qilishi kerakligi maʼlum qilindi.
Tramp Isroil va HAMAS Gʻazoda tinchlik oʻrnatishning birinchi bosqichiga kelishib olganini aytdi.
Lekin Isroilning oʻta radikal Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir "terrorchilarni ozod qilish boʻyicha kelishuvga" ovoz bera olmasligini aytgan.
Avval Isroil va HAMAS tinchlik rejasining birinchi bosqichiga rozi boʻlgani xabar berilgandi.




