Toshkent viloyatida siam egizaklari tugʻildi
Ular Chirchiq shahridagi tibbiyot markazida noyob operatsiya orqali ajratib olindi.

Toshkent viloyatida siam egizaklari dunyoga keldi. Oʻzbek shifokorlari siam egizaklarini shoshilinch ravishda noyob operatsiya orqali ajratib oldi. Bu haqda SSV xabar berdi.
Chirchiq shahrida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filialida noyob operatsiya oʻtkazildi.
Homiladorlikning 33-34-haftasida “kesarcha kesish” yoʻli bilan muddatidan avval dunyoga kelgan siam egizaklari tugʻuruqdan 9 soat oʻtib, shoshilinch ravishda, ustiga-ustak, mahalliy sharoitda oʻta murakkab amaliyot orqali ajratib olindi.
Besh soat davom etgan yuqori texnologik operatsiya Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi bir guruh malakali mutaxassislar tomonidan bajarildi.
Sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov ushbu chaqaloqlar holidan xabar oldi.
Siam egizaklarini ajratib olish operatsiyasida ishtirok etgan bir guruh mutaxassislar vazir A.Xudayarov tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Salomatligi yaxshilangan chaqaloqlar va ularning onasiga shifoxonadan uyiga javob berildi.