Toshkent viloyatida hokimlik bosh yuriskonsulti qoʻlga olindi
U hokimlik balansida boʻlgan xonadonni yuqori lavozimdagi tanishlari orqali fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga pora soʻragan.

Toshkent viloyatida hokimlik xodimining noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi.
DXXning Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Unda Ohangaron tuman hokimligi bosh yuriskonsulti “Eyvalek” MFYda joylashgan va hokimlik balansida boʻlgan xonadonni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 1500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Taʼkidlash lozimki, bosh yuriskonsult muqaddam bir necha marotaba sudlangan boʻlishiga qaramasdan, oʻziga tegishli xulosa chiqarmagan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkent shahri va Surxondaryoda advokatlar qoʻlga tushgandi.
Poytaxtda advokat fuqaroning ishini sud organlarida ishlovchi tanishlari orqali ijobiy hal etib, yengillik qilib berish evaziga 3700 AQSh dollari olgan.