platina.uz
Jamiyat

Sintetik katinonlar: inson ruhiyatini izdan chiqaruvchi yirik xavf

Ushbu moddalarni bir necha marta isteʼmol qilgandan soʻng odam xulqida oʻzgarishlar kuzatiladi: bezovtalik, asabiylik, uyqusizlik paydo boʻladi. Ogʻir holatda vasvasa va tajovuzkor xatti-harakatlar yuzaga keladi. 

Sintetik katinonlar: inson ruhiyatini izdan chiqaruvchi yirik xavf

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ham, dunyoning koʻplab mamlakatlarida ham yangi psixoaktiv moddalarga (YPM) qaramlik holatlari keskin ortib bormoqda. Ular orasida ayniqsa sintetik katinonlar keng tarqalayapti.

Koʻplab yoshlar bu moddalarning zararini past deb oʻylashadi, biroq aslida ular markaziy asab tizimiga kuchli taʼsir qiluvchi psixostimulyatorlar boʻlib, insonning ruhiy holatini, ongini va ijtimoiy aloqalarini qisqa vaqt ichida izdan chiqaradi.

Ruhiyatga taʼsiri

Sintetik katinonlarni bir necha marta isteʼmol qilgandan soʻng inson xulqida oʻzgarishlar kuzatiladi: bezovtalik, asabiylik, uyqusizlik paydo boʻladi, haqiqatni idrok etish buziladi. Ogʻir hollarda gallyutsinatsiyalar, vasvasa gʻoyalar va tajovuzkor xatti-harakatlar rivojlanadi.

Eng xavfli jihatlardan biri — bu suitsidal fikrlar va urinishlar xavfining ortishi. Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy markazida oʻtkazilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, sintetik katinonlardan foydalanish suitsidal xulq-harakatlar ehtimolini keskin oshiradi. Har beshinchi qaram bemorda chuqur tushkunlik, oʻziga shikast yetkazish yoki oʻz joniga qasd qilishga urinish holatlari aniqlangan.

Bu qanday sodir boʻladi?

Sintetik katinonlar miya faoliyatiga kuchli taʼsir qiladi. Ular kayfiyat va motivatsiyani boshqaruvchi neyromediator tizimlarini izdan chiqaradi. Dastlab qisqa muddatli quvonch, yengillik va eyforiya holati paydo boʻladi, ammo oradan koʻp oʻtmay, chuqur depressiya yuz beradi: inson oʻzini boʻsh, xavotirli va umidsiz his eta boshlaydi.

Asta-sekin ruhiy va jismoniy qaramlik rivojlanadi, uyqu buziladi, hayotga qiziqish yoʻqoladi, yaqinlar bilan aloqa sustlashadi. Agar bunday paytda atrofida tushunadigan va qoʻllab-quvvatlaydigan insonlar boʻlmasa, bu holat ogʻir tushkunlik va suitsidal fikr va harakatlar bilan yakunlanishi mumkin.

Xulosa

Sintetik katinonlar — zamonaviy jamiyat uchun eng xavfli psixoaktiv moddalardan biridir. Ularning taʼsiri qisqa muddatli eyforiya evaziga inson ruhiyatini chuqur vayron qiladi. Shu sababli jamiyatda profilaktika, ogohlantirish va erta aralashuv choralari muhim ahamiyatga ega.

Ruhiy salomatlik — bu har bir insonning, har bir oilaning va butun jamiyatning barqarorligi garovidir.

Jahongir Ravshanov, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi narkolog shifokori

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 70 119 55 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid