Isroil va HAMAS tinchlik rejasining birinchi bosqichiga rozi boʻldi
Bu haqda AQSh prezidenti Donald Tramp eʼlon qildi. Mazkur qadam Gʻazoda uzoq kutilgan tinchlik uchun muhim qadam boʻlishi mumkin.

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil va HAMAS tinchlik rejasining birinchi bosqichiga rozi boʻlganini eʼlon qildi.
"Men Isroil va XAMAS tinchlik rejamizning birinchi bosqichini imzolaganini eʼlon qilishdan gʻururlanaman. Bu degani, barcha garovga olinganlar tez orada ozod qilinadi va kuchli, uzoq muddatli va abadiy tinchlik sari birinchi qadamlar sifatida Isroil oʻz kuchlarini kelishilgan chiziqqa olib chiqadi", - deb yozdi u oʻzining Truth Social sahifasida.
“Bu arab va musulmon dunyosi, Isroil, barcha qoʻshni davlatlarimiz va AQSh uchun buyuk kun va biz bu tarixiy va misli koʻrilmagan voqeani amalga oshirishda biz bilan birga ishlagan Qatar, Misr va Turkiya vositachilariga minnatdorchilik bildiramiz”, — deya qoʻshimcha qildi Tramp.
8 oktabr kuni Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va AQSh prezidentining kuyovi Jared Kushner Gʻazo boʻyicha tinchlik muzokaralariga qoʻshildi. Misrning Sharm al-Shayx shahrida boʻlib oʻtgan maslahatlashuvlarda Qatar bosh vaziri va Turkiya razvedkasi rahbari ham ishtirok etdi.
OAV xabarlariga koʻra, isroillik garovga olinganlarni XAMAS asirligidan ozod qilish 13 oktabr kuni boshlanishi mumkin.
Undan oldin Isroil hukumati Gʻazo kelishuvining birinchi bosqichini tasdiqlashi kerak. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Vazirlar mahkamasi kengashini tez orada chaqirish niyatida ekanini maʼlum qildi. Bu bugun sodir boʻlishi kutilmoqda.
Muzokaradagi vositachilar Isroil va HAMAS ham Gʻazoga gumanitar yordam kirishiga rozi boʻlganini eʼlon qildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish BMT yordamni koʻpaytirishini va Gʻazoni qayta qurish boʻyicha saʼy-harakatlarni kuchaytirishini aytdi. U barcha tomonlarni kelishuv shartlariga rioya qilishga chaqirdi, jumladan, isroillik garovga olinganlarni ozod qilish, doimiy oʻt ochishni toʻxtatish va Gʻazoga gumanitar yordam olib kirishga zudlik bilan ruxsat berish.
Falastinlik yuqori martabali mulozim Bi-bi-si bilan suhbatda sulh Isroil hukumati maʼqullagandan soʻng darhol kuchga kirishini aytdi.
Uning soʻzlariga koʻra, Isroil dastlabki besh kun davomida har kuni Gʻazoga gumanitar yordam olib ketayotgan 400 yuk mashinasiga ruxsat beradi, keyingi kunlarda esa bu raqam asta-sekin oʻsib boradi.