platina.uz
Jamiyat

Favqulodda vaziyatlar haqida xabar berishdan boshlab uni bartaraf etishgacha boʻlgan jarayon raqamlashtiriladi

Bunday holatlarning 70 foizdan ortigʻi aholi xonadonlarida nosoz, muddati oʻtgan gaz va elektr jihozlaridan foydalanish va boshqalar sabab yuzaga kelgan. Shuning uchun tizim ishi mahallalarda tashkil etiladi. 

Favqulodda vaziyatlar haqida xabar berishdan boshlab uni bartaraf etishgacha boʻlgan jarayon raqamlashtiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Turli xatarlar paydo boʻlayotgan hozirgi zamonda favqulodda vaziyatlar organlari tizimini ham takomillashtirish zarurati tugʻilmoqda.

Sohada 30 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani bilan haligacha favqulodda vaziyatlar muhofazasi boʻyicha kompleks dastur yoʻq. Bundan 16 yil oldin qabul qilingan “Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonun ham eskirgan.

Shu bois, favqulodda vaziyatlarni oldindan baholab, tezkor va proaktiv ishlaydigan tizim yaratish vazifasi qoʻyilgan.

Taqdimotda mutasaddilar shu boradagi tahlil natijalari, mavjud muammolar va takliflarini bayon qildi.

Hozir favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha profilaktika ishlari asosan davlat idoralarida amalga oshirilyapti. Lekin bunday holatlarning 70 foizdan ortigʻi aholi xonadonlarida nosoz, muddati oʻtgan gaz va elektr jihozlaridan foydalanish, xavfsizlik madaniyatiga rioya qilmaslik oqibatida yuzaga kelyapti.

Shuning uchun tizim ishini mahallalarda tashkil etib, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xavfsizlik madaniyatini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar bilan har bir mahalla, har bir koʻcha va xonadonni qamrab olishi zarurligi taʼkidlandi.

Sohada raqamli texnologiyalar va zamonaviy texnik vositalardan foydalanish darajasi ancha past, bu boradagi ishlar xanuzgacha zamon talablariga moslashtirilmagan.

Shu bois, sohada raqamli infratuzilma yaratish, favqulodda vaziyat haqida xabar berishdan boshlab, uni toʻliq bartaraf etishgacha boʻlgan hamma jarayonlarni raqamlashtirish, shuningdek, yangi ishlash mexanizmlarini joriy etish boʻyicha topshiriq berildi.

Favqulodda vaziyatlarni tezkor bartaraf qilish uchun zamonaviy texnika va jihozlarni koʻpaytirish, ularni oʻzimizda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda barcha tarmoqlar transformatsiya boʻlyapti, qurilish industriyasi oʻzgarmoqda. Hamma sohalarda “yashil” texnologiyalar keng joriy qilinmoqda. Ular orqali yuzaga kelishi mumkin boʻlgan yangi turdagi texnogen xavflarni baholab, oldini olish uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uzluksiz tizimini yaratish dolzarbligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida dual taʼlimni yoʻlga qoʻyish va malaka oshirish markazini tashkil etish, professional qutqaruvchilarni tayyorlash, oʻqitish va ilmiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish topshirildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 70 119 55 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid