Doʻstlik va Mirzachoʻl tumani hokimlari jazoga tortildi
Jazo xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish hamda eksport koʻrsatkichlarini taʼminlashda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar bilan bogʻliq.

Jizzax viloyati Doʻstlik va Mirzachoʻl tumani hokimlari jazoga tortildi. Bu haqda viloyat hokimi Ulugʻbek Mustafoyevning farmoyishida maʼlum qilingan.
Farmoyish 2025 yil 9 oktabr kuni eʼlon qilindi.
Hokimlar Shavkat Darvishev va Botirjon Mirzaqulovga oʻrtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima jazosi belgilandi.
Jazo xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish hamda eksport koʻrsatkichlarini taʼminlashda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etish, bu kabi salbiy holatlarning qayta takrorlanmasligi hamda ushbu masalalarga masʼul boʻlgan rahbarlarning shaxsiy javobgarligini yanada oshirish maqsadida qoʻllanilgan.