platina.uz
Jamiyat

Zokirjon Almatov Fargʻonada tahqirlangan ayol voqeasiga munosabat bildirdi

Soliq idorasi va IIB rahbari adovati qurboniga aylangani aytilgan ayol voqeasi keng muhokamalarga sabab boʻldi. Oliy sud mazkur masala yuzasidan sud ishi boshlanganini bildirdi. 

Zokirjon Almatov Fargʻonada tahqirlangan ayol voqeasiga munosabat bildirdi

"Biz bunaqa oʻzidan ketib qolgan rahbarni aslo kechirmaymiz": Zokirjon Almatov Furqat tumani IIB boshligʻi haqida keskin gapirdi.

IIV Jamotchilik kengashi yigʻilishida ichki ishlar vaziri maslahatchisi Zokirjon Almatov bir necha kundan buyon ijtimoiy tarmoqlarda muhokama boʻlayotgan Furqat tumani IIB boshligʻining maktab direktorini tahqirlagani holatiga munosabat bildirdi. U bu mavzu haqda 7 oktabr kuni IIV huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari va OAV vakillari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida gapirdi.

"Insonlarga nisbatan mehr-muhabbat degan tuygʻularning hammasi bizda boʻlish shart. Siz bilan biz faqat qamash uchun yaratilmaganmiz. Tarbiyalash, insonlarga gʻamxoʻrlik qilish, ularga yordam berish uchun ichki ishlar xodimlari bor. Shu narsa hech qachon esimizdan chiqmasin. Lekin odam boʻlmaydiganlarning qonun boʻyicha jazosini berishimiz shart. Shu bois bizning faoliyatimizda har xil odamlar uchrab turadi", dedi Almatov.

" Bu — oʻtaketgan vahshiylik. U rahbar qaysidir yoʻllar bilan amalga oʻtirib qolgan, deb oʻylayman. Qanday sharoitda boʻlsa ham, ichki ishlar idorasi xodimi oʻzini ushlashni bilishi kerak. Biz oʻzidan ketib qolgan bunday rahbarlarni aslo kechirmaymiz", deya voqeaga munosabat bildirgan Almatov Zamon.uz eʼlon qilgan videoda.

Fargʻonadagi mojaro

OAVda eʼlon qilingan maqolaga koʻra, Furqat tumanidagi maktablardan birining direktori boʻlgan 34 yoshli Guliraʼno Qosimova tuman soliq inspeksiyasi va IIB boshliqlarining oʻzaro adovati qurboniga aylangan.

Direktor oʻzi bilmagan holda Furqat tumani IIB boshligʻi Akmal Xoʻjayev tomonidan tuman soliq inspeksiyasi rahbari Qurbonali Abdurahmonovga nisbatan uyushtirgan fitnaga aralashib qolgan. U soliq idorasi rahbari oldiga qarz soʻrash maqsadida borganda, IIB xodimlari guyo uni soliq rahbari bilan ushlab olganday tahqirlab, yalongʻoch holatda tasvirga olishgan.

Mazkur voqea OAVda eʼlon qilingach, keng muhokamalarga sabab boʻldi.

Oliy sud matbuot xizmati zoʻravonlik va tuhmat voqeasi yuzasidan Fargʻona viloyati Furqat tumani IIBning sobiq boshligʻi hamda uning birinchi oʻrinbosari ustidan sud ishi boshlanganini maʼlum qildi.

Oʻz navbatida, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi ushbu holatni nazoratga olganini maʼlum qildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 70 119 55 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid