Xayrullo Bozorov mablagʻ ajratish boʻyicha ikki farmoyish chiqardi
Pullar davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan viloyat mahalliy byudjetiga tushgan tushumlar hisobidan taqdim etiladi.

Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov mablagʻ ajratish haqida ikki farmoyishni imzoladi. Har ikkala hujjat 2025 yil 7 oktabr kuni eʼlon qilingan.
Birinchi farmoyishga koʻra, Quva tumani “Qaqir” mahallasi hududidagi eski klub binosida tikuvchilik korxonasini tashkil etish hamda Rossiya va Belorus davlatlariga eksport qilinadigan mahsulot ishlab chiqarish loyihasini toʻliq va qisqa muddatlarda faoliyat yuritishi bilan bogʻliq xarajatlar uchun 2,5 mlrd soʻm beriladi.
Mablagʻ davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan viloyat mahalliy byudjetiga tushgan tushumlar hisobidan taqdim etiladi va viloyat hokimligi huzuridagi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish jamgʻarmasiga oʻtkazish uchun viloyat hokimligiga ajratiladi.
Ikkinchi farmoyishga koʻra, Quva tumani “Karkidon” suv ombori hududidagi kartering uchun qurilayotgan obʼektlarda amalga oshirilayotgan ishlarni moliyalashtirish 1 mlrd soʻm beriladi. Mablagʻ davlat daromadiga oʻtkazilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan viloyat mahalliy byudjetiga tushgan tushumlar hisobidan viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi huzuridagi Avtomobil yoʻllarini rivojlantirish maqsadli jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
Avvalroq Toshkentda mahalliy byudjetdan jami 137 mlrd soʻmga yaqin pul ajratilishi maʼlum boʻlgandi.
"Toshkent invest kompaniyasi”ning ustav jamgʻarmasini shakllantirish uchun 50 mlrd soʻm hamda “Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarma”siga ham shuncha mablagʻ (jami 100 mlrd soʻm) beriladi.