Raqobat qoʻmitasi Markaziy bankka soʻrov yubordi
Unda banklar faoliyatini oʻrganish va kredit kartalari foiz masalalarini qayta koʻrib chiqish soʻralgan. Kredit kartalaridagi foizlar aholi noroziligiga sabab boʻlgan.

Raqobat qoʻmitasi Markaziy bankka tijorat banklarining kredit karta amaliyotlari (operatsiyalari)da isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan soʻrov yubordi
Soʻnggi vaqtlarda mamlakatimizda iqtisodiyotning rivojlanishi, bunda aholi turmush tarzini oshirish maqsadida turli shakldagi kreditlar ajratish siyosati qoʻllab-quvvatlab kelinmoqda.
Ammo mazkur amaliyotlarda ayrim davlat va nodavlat tijorat banklari tomonidan taqdim etilgan kredit kartalaridan kommunal xizmatlar, oʻqish, tibbiyot va sugʻurta hamda soliq kabi toʻlovlar ham naqd pulga yechishga tenglashtirilib, ulardan foiz va komissiyalar undirilayotgani oʻz navbatida aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 4, 12, 19,21 va 23-moddalariga muvofiq:
-davlat va nodavlat banklar faoliyatini oʻrganib chiqish va ularning faoliyatini kredit kartalari foiz masalalarini qayta koʻrib chiqish,
-isteʼmolchilar manfaatlarini hisobga olgan holda muvofiqlashtirish hamda asossiz olingan xizmat haqi pullarini qaytarish choralarini koʻrish yuzasidan Markaziy bankiga belgilangan tartibda soʻrov yuborildi.
Ushbu ish tafsilotlari yuzasidan qoʻshimcha axborot taqdim etiladi.
Avvalroq uch bank qoidabuzarlik sabab Markaziy bank tomonidan katta jarimaga tortilgandi.
Jumladan, TBS bank tomonidan qarz oluvchilarga ortiqcha belgilangan 2,5 mlrd soʻm foizlar hamda qonunga zid ravishda hisoblangan 1,7 mlrd soʻm foizlar isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.