Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga CE belgisi beriladi
Bu Yevropaga eksport hajmini kamida ikki barobar oshirish imkonini yaratadi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi yevropalik hamkorlar bilan muvofiqlikni baholash tizimini yoʻlga qoʻymoqda. Bu orqali Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga Yevroittifoq talablariga moslikni tasdiqlovchi CE belgisi beriladi.
Bu Yevropaga eksport hajmini kamida ikki barobar oshirish imkonini yaratadi. Shavkat Mirziyoyev 8 oktabr kuni elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotga koʻra, misni xarid qilishda chegirma taqdim etish, kredit foizlarining 5 foizdan yuqori qismini davlat tomonidan qoplash, soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha yengilliklar berish rejalashtirilgan.
Kelgusi yillarda mis ishlab chiqarish hajmi 250 ming tonnaga, 2030 yilga borib 500 ming tonnaga yetishi kutilmoqda. Mutasaddilar ushbu xomashyo bazasidan foydalanib, uning negizida yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar toʻgʻrisida axborot berdi. Masalan, serverlar, sanoat elektronikasi, konditsionerlar, quyosh panellari, nazorat-oʻlchov va avtomatika vositalari, smart-kartalar ishlab chiqarish. Umuman, bu yoʻnalishda 2,1 milliard dollarlik 157 ta loyiha shakllantirilgan boʻlib, ular orqali 14,5 ming yangi ish oʻrni yaratiladi.
Joriy yilning 9 oyida tarmoqda ishlab chiqarish hajmi 16,3 foizga oʻsib, 34 trillion soʻmga yetdi. Eksport 970 million dollarni tashkil qildi.