platina.uz
Iqtisod

Oltin tarixda birinchi bor 4 ming dollardan qimmatladi

Joriy yil boshidan beri oltin narxi 50 foizdan koʻproqqa oshdi. Bunga global savdo boʻyicha noaniqliklar, AQShdagi iqtisodiy vaziyat sabab boʻldi. 

Oltin tarixda birinchi bor 4 ming dollardan qimmatladi

Spot oltin narxi tarixda ilk bor bir unsiya uchun 4 000 dollardan oshdi. Bu haqda Pinkod yozdi.

Mazkur oʻsish AQSh iqtisodiyoti va hukumat yopilishi haqidagi xavotirlar fonida yuz berdi. Chorshanba kuni oltin narxi 0,4% ga koʻtarilib, 4 001,11 dollarga yetdi. Bu ikki yil oldin 2 000 dollardan past savdo qilingan metall uchun tarixiy bosqich boʻldi.

Joriy yil boshidan beri oltin narxi 50 foizdan koʻproq oshdi. Bunga global savdo boʻyicha noaniqliklar, Federal rezervning mustaqilligi haqidagi xavotirlar, AQShdagi moliyaviy holat va geosiyosiy tangliklar sabab boʻldi. Markaziy banklar ham oltinni faol sotib olayotgani bu jarayonni kuchaytirdi.

Investorlar hozir oltinni bozordagi ehtimoliy zarbalardan himoya sifatida koʻryapti. Federal rezerv foiz stavkalarini pasaytirishni boshlagani ham oltinni yanada jozibador qildi. Sentabr oyida oltin bilan taʼminlangan fondlarga (ETF) oxirgi uch yildagi eng katta mablagʻ kiritildi.

"Oltinning 4 000 dollardan oshishi faqat qoʻrquv emas, balki investitsiya yoʻnalishini oʻzgartirishdir», — dedi Saxo Capital Markets strategi Charu Chanana." Foiz stavkalari tushmoqda, aksiyalar esa haddan tashqari qimmat. Markaziy banklar oltin poygasini boshladi, endi esa fondlar va oddiy investorlar uni davom ettiryapti".

Oltin narxi odatda katta siyosiy va iqtisodiy bosimlar davrida koʻtariladi. U jahon moliyaviy inqirozidan keyin 1 000 dollardan, pandemiya vaqtida 2 000 dollardan va 2020 yilda savdo urushlari paytida 3 000 dollardan oshgan edi. Endi esa narxlar 4 000 dollardan ham yuqoriga chiqdi.

Bu jarayon Trampning Federal rezervga bosim oʻtkazishi va uning mustaqilligiga tahdidlar fonida sodir boʻldi.

Tahlilchilar, agar Federal rezerv mustaqilligini yoʻqotsa va siyosiy xatolarga yoʻl qoʻysa, oltin narxi bundan ham koʻproq oshishi mumkinligini taʼkidlamoqda.

Joriy yildagi oʻsish 1970-yillardagi holatni eslatmoqda. Oʻshanda ham inflyatsiya va oltin standartining bekor qilinishi narxni keskin oshirgan edi.

Bloomberg xabarda aytilishicha, ayrim mutaxassislar 2026 yil oʻrtalariga borib oltin narxi 4 500 dollarga yetishi mumkinligini kutmoqda.

Markaziy banklar ham oltin bozorida asosiy rol oʻynamoqda. 2022 yilda Rossiya zaxiralari muzlatilgandan soʻng, ular oltin xaridini ikki baravar oshirdi. Bu koʻplab davlatlarni zaxiralarni diversifikatsiya qilishga undadi. Inflyatsiya va AQSh hukumatining xorijiy kreditorlarga boʻlgan siyosatdagi oʻzgarishlar ham oltinning jozibasini kuchaytirdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 70 119 55 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid