Kimyo boʻyicha Nobel sohiblari maʼlum boʻldi
Ushbu mukofot Susumu Kitagava, Richard Robson va Omar Yagiga "metall-organik tuzilmalar boʻyicha yangiliklar" uchun berildi.

Shvetsiya Qirollik Fanlar akademiyasi 2025 yilgi kimyo boʻyicha Nobel mukofoti laureatlarini eʼlon qildi.
Bular Susumu Kitagava (Yaponiya), Richard Robson (Avstraliya) va Omar Yagilardir (AQSh).
Kitagava, Robson va Yagi gazlar va boshqa kimyoviy moddalar oʻtishi mumkin boʻlgan katta boʻshliqlarga ega molekulyar tuzilmalarni yaratdilar, deya izoh beradi Nobel qoʻmitasi. Ushbu metall-organik ramkalar (organik va noorganik komponentlardan tayyorlangan kristalli materiallar) choʻl havosidan suv yigʻish, karbonat angidridni ushlab turish, zaharli gazlarni saqlash yoki kimyoviy reaksiyalarni katalizlash uchun ishlatilishi mumkin.
Nobel kimyo qoʻmitasi raisi Xayner Linke taʼkidladi: “Metal-organik ramkalar yangi funksiyalarga ega boʻlgan moslashtirilgan materiallarni yaratish uchun ilgari tasavvur qilib boʻlmagan imkoniyatlarni ochib, ulkan salohiyatni taqdim etadi”.
Avvalroq fizika boʻyicha Nobel mukofoti egalari eʼlon qilingandi.
Jon Klark, Mishel Devore va Jon Martinislar kvant mexanikasidagi fundamental kashfiyotlari sabab gʻolib boʻldilar.