platina.uz
Jamiyat

Saida Mirziyoyeva Qoraqalpogʻiston boʻylab turli tadbirlarda qatnashdi

Umummilliy “Salomatlik marafoni”da qariyb 12 ming nafar fuqaro koʻrikdan oʻtdi. Nukusdagi modernizatsiya qilingan suv tozalash inshooti va zamonaviy maktab ham borib koʻrildi. 

Saida Mirziyoyeva Qoraqalpogʻiston boʻylab turli tadbirlarda qatnashdi

Saida Mirziyoyeva Qoraqalpogʻistonda umummilliy “Salomatlik marafoni”da qatnashdi. Bu tashabbus — insonning oʻzi va yaqinlari sogʻligʻiga eʼtiborni odatiy hayot tarziga aylantirishga qaratilgan.

Nukus shahridagi 12 ta oilaviy poliklinika va 3 ta jamoat maskanida aholi diagnostikadan oʻtkazilmoqda.

Shuningdek, bemorlarni yoʻnaltirish va raqamlashtirish tizimi joriy etilmoqda.

Shifokorlarning hamkorlikdagi saʼy-harakatlari va AI TOP-3 CDCC, Muxlisa Med AI, AI Mammo singari sunʼiy intellekt yechimlari joriy etilishi natijasida yanada tezkor va aniq tibbiy yordam koʻrsatish imkoni yaratilmoqda.

Atigi toʻrt kun ichida qariyb 12 ming nafar fuqaro koʻrikdan oʻtdi, shulardan 1 700 dan ortigʻi chuqur tekshiruvlardan oʻtkazildi, 116 nafari esa davolanishga yoʻnaltirildi.

"Shuningdek, Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti bolalar jarrohligi boʻlimida murakkab operatsiyalarni boshdan kechirgan kichik bemorlar bilan uchrashib, suhbatlashdik. Ularning matonati va samimiy tabassumlari beixtiyor har birimizni taʼsirlantirdi.

Ikkita yangi loyiha ishga tushirildi — raqamli oilaviy pasportni joriy etishga asoslangan “Oilaviy salomatlik maktabi” hamda yoshlar koʻmagida aholi tibbiy savodxonligini oshirishni koʻzda tutuvchi “Salomatlik volontyorlari” shular jumlasidan", deya yozadi Mirziyoyeva.

Shuningdek, Mirziyoyeva Nukusda qad rostlagan yangi, zamonaviy 55-maktabning ochilish marosimida ishtirok etdi.

Ushbu maktab 870 nafar oʻquvchiga moʻljallangan boʻlib, uning binosida Raqamli avlod markazi va bolalarni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan koʻplab toʻgaraklar ish boshladi. Majmua taʼlimga yangicha yondashuv namunasidir — bolalarni shubhasiz jalb qiluvchi bu maskanda zamonaviy texnologiyalar hamda kelajak sari ajoyib start nuqtasi mujassam. Toʻrtkoʻl tumanida ham yana bir yangi, 77-maktab ochildi.

Nukus shahridagi “Jeketerek” mahallasida toʻliq modernizatsiya qilingan va kengaytirilgan suv tozalash inshootini borib koʻrildi. Ushbu inshoot ichimlik suvining sifatini sezilarli darajada yaxshilash imkonini beradi. Shuningdek, suv xoʻjaligi, ichimlik va oqova suv sohalarida amalga oshirilayotgan innovatsion loyihalar taqdimoti bilan ham tanishilgan.

Aholi salomatligi muhofazasi — doim kompleks yondashuvni talab etadi va bunda sifatli oziq-ovqat, musaffo havo, toza suv muhim omil hisoblanadi. Yangi suv tozalash inshooti 71 ta mahallaga, yaʼni qariyb 350 ming nafar aholiga hamda maktab va shifoxona kabi ijtimoiy soha obʼektlariga toza suv yetkazib berish imkonini yaratadi.

Loyiha Respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilib, oʻzbekistonlik muhandislar tomonidan amalga oshirildi.

"Nukusda, shuningdek, mutasaddilar bilan yangi investitsiya va infratuzilma loyihalarini muhokama qildik.

Qoraqalpogʻiston sekin-asta faol iqtisodiy hududga aylanmoqda. Ikki yilda 64 ta investitsiya loyihasi ishga tushgani natijasida 5 mingdan ziyod aholi ishli boʻlgan. Yangi loyihalar Qoraqalpogʻistonda sanoat, logistika, qishloq xoʻjaligi va sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantiradi. Yaqin yillarda qiymati 2 milliard dollarga yaqin yana 27 ta loyiha yoʻlga qoʻyiladi, salkam 10 ming kishi ish bilan taʼminlanadi.

Menga hududdagi gaz, yoʻl qurilishi va biznesni rivojlantirish boʻyicha duch kelinayotgan muammolar haqida ham axborot berishdi. Birgalikda ular boʻyicha yechimlarni koʻrib chiqdik", deya yozgan Prezident Administratsiyasi rahbari.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 70 119 55 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid