BYD'ning Buyuk Britaniyadagi savdosi 880 foizga oshdi
Kompaniya boshqalarga qaraganda arzonroq modellarni taklif etadi. Yevropa Ittifoqi va AQShdan farqli oʻlaroq, Britaniya Xitoy elektromobillariga boj tariflari qoʻllamagan.

Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchi giganti BYD'ning Buyuk Britaniyadagi savdosi 880 foizga oshdi.
Xitoyning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi kompaniyasining maʼlum qilishicha, Buyuk Britaniya Xitoydan tashqaridagi eng katta bozori boʻlib qolgan. Bu yerda kompaniya savdosi oʻtgan yilning sentabriga nisbatan 880% ga oshgan.
Sababi BYD gʻarbdagi koʻplab raqiblariga qaraganda arzonroq modellarni taklif etadi. Maʼlumotlarga qaraganda sentabr oyida BYDʼning Buyuk Britaniya bozoridagi ulushi 3,6% ga oshganini maʼlum qildi.
Kompaniyaning maʼlum qilishicha, u oʻtgan oy Buyuk Britaniyada 11 271 ta avtomobil sotgan, ularning aksariyati Seal U sport yoʻl-transport vositasining gibrid turi boʻlgan.
Buyuk Britaniya BYD kabi kompaniyalar uchun ayniqsa jozibali bozor, chunki bu mamlakat Yevropa Ittifoqi va AQShdan farqli oʻlaroq, xitoylik elektromobillarga boj tarif qoʻllamagan.
BYDʼning Buyuk Britaniyadagi menejeri Bono Ge kompaniya kelgusida yangi turdagi gibrid va elektromobillarni ishlab chiqarishini maʼlum qildi.
"Kompaniyaning Buyuk Britaniyadagi kelajagi porloq va biz yaqindagina Buyuk Britaniyadagi 100-avtosalonimizni ochdik" deya qoʻshimcha qildi u.
CMMT maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan oy Buyuk Britaniyada elektromobillar savdosi rekord darajaga yetgan — toʻliq batareyada ishlaydigan elektromobillar savdosi deyarli 73 mingtagacha oshgan. Shuningdek, gibrid avtomobillar savdosi esa bundan ham tezroq oʻsganini maʼlum qildi.
Xitoydagi savdolar sekinlashayotganiga qaramay, BYD hali ham amerikalik raqibi Tesladan jahonda ancha oldinda turibdi.
Shuningdek, uning savdo hajmi Yevropadagi raqiblari, jumladan Jaguar va BMWʼdan ham tezroq oshgani koʻrsatilgan.