Toshkentda 5 yilga qamalgan ichki ishlar sobiq tergovchisi ishi qayta koʻrildi
U fuqaro tomonidan depozit hisob raqamiga qoʻyilgan pullarni oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

2025 yil 3 oktabrda Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Olmazor tuman sudida ichki ishlar sobiq tergovchisiga oid ish koʻrib chiqildi. Sud ishi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Sudlanuvchi J.S. Olmazor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi lavozimida ishlagan. U muqaddam Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining 2025 yil 12 mart kunidagi hukmiga koʻra, JK 210-moddasi 2-qismining “v” bandi bilan JKning 45-moddasini qoʻllab, 3 yil muddatga muayyan huquqdan, yaʼni IIO tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etilgan.
Maʼlum boʻlishicha, J.S.ish yurituvida boʻlgan fuqaro A.Boltaboyevga nisbatar ish yakuni boʻyicha nisbatan 2023 yilda JPK 83-moddasining 2-bandiga asosan jinoyat ishini tugatish haqida qaror qabul qilib, qaror qismida “Mazkur jinoyat ishi boʻyicha A.Boltaboyev tomonidan moddiy zararni soʻndirish maqsadida Toshkent shahar IIBB Moliya-iqtisod boʻlimi depozit hisob raqamiga oʻtkazilgan pul mablagʻlari fuqaro M.Turgʻunovga berilsin” deb koʻrsatgan.
Biroq, oʻz mansab vakolatini suiisteʼmol qilib, oʻzining tanishi Sh.L. bilan oldindan til biriktirib, A.Boltaboyev tomonidan depozit hisobga ixtiyoriy qoʻyilgan 45.000.000 soʻm pul mablagʻlarini, uning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagani sababli, uning oʻziga qaytarish oʻrniga, mansab soxtakorligiga yoʻl qoʻyib, oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborgan. Sud majlisida S.J. eʼlon qilingan ayblovlarga qisman iqror boʻlgan.
Maʼlum boʻlishicha, 2022 yilni yanvar oyida A.Boltaboyev oʻziga tegishli boʻlgan “Lasetti” rusumli avtomashinani 10 kun muddatga 7.000 AQSh dollariga garovga berib, 7.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni olib, oʻz ehtiyojlariga ishlatib yuborgan boʻlgan va shu orqali ishi tergovga kelib tushgan boʻlgan. U tergovchi S.J. tomonidan depozit hisobga topshirilgan 45 mln. soʻm pul mablagʻlarini uning foydasiga qaratib, S.J.ga qonuniy jazo tayinlashni soʻrab koʻrsatuv bergan.
Yakuniy hukmga koʻra, S.J. JK 59-moddasining 8-qismi va 61-moddasi tartibida uzil-kesil oʻtash uchun 3 yil muddatga muayyan huquqdan, yaʼni IIO tizimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. A.Boltaboyevga yetkazilgan 45 mln soʻmlik zarar toʻliq qoplangan.
Sud hukmi Oliy sud portalidan olindi.