Toshkent metrosida chaqaloq tugʻildi
Hozir ona va chaqaloqning sogʻligi yaxshi, ular shifoxonaga yetkazilgan.

Bugun Toshkent metrosining Gʻafur Gʻulom bekatida bir ayolning koʻzi yoridi.
Xabar berilishicha, bekat oʻtish yoʻlagidagi ichki ishlar xodimi poyezdlarni kutib olish va joʻnatish boʻyicha navbatchi xodimaga bir yoʻlovchi ayolning holati boʻyicha xabar bergan.
"Bir lahzada vaziyatni toʻgʻri baholagan Naima Maxamadjonova xizmat davomida oʻziga oʻrgatilgan maxsus bilimlar va koʻnikmalarni ishga solgan holda birinchi yordam koʻrsatib, voqea joyida ayolning farzandini sogʻ-omon dunyoga keltirishiga yaqindan koʻmaklashdi hamda chaqaloq sogʻligi uchun kerakli yordamlarni (kindik qismi bogʻlanib, yangi tugʻulgan chaqaloq nafas olish refleksini faollashtirgan) koʻrsatgan", deyiladi xabarda.
Aytilishicha, tez yordam xizmati va ayolning yaqinlari chaqirilgan. Tibbiyot xodimlari yetib kelguniga qadar (taxmiman 10 daqiqa) xodimlar ona va chaqaloq holatini nazorat ostida ushlab turgan.
Hozir ona va chaqaloqning sogʻligi yaxshi, ular shifoxonaga yetkazilgan.