Shota Rustaveli koʻchasida harakat boʻyicha yangi tartiblar eʼlon qilindi
Ushbu hududda avtobuslarga ustuvorlik qoidasi mavjud. Avtobuslar endi yoʻlning oʻrta qismidagi maxsus ajratilgan yoʻlak orqali harakatlanadi.

Shota Rustaveli koʻchasida harakat tartibida oʻzgarishlar eʼlon qilindi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Ushbu hududda avtobuslarga ustuvorlik qoidasi mavjud.
2025 yil 7 oktabrdan boshlab Shota Rustaveli koʻchasida markaziy avtobus yoʻlagi faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Birinchi bosqichda ushbu yoʻlak orqali 37, 57 va 58-sonli avtobus yoʻnalishlari harakatlanadi.
Loyiha maqsadi — jamoat transportiga ustuvorlik berish, tirbandliklarni kamaytirish va yoʻlovchilar uchun qulay hamda xavfsiz sharoit yaratishdir.
Quyida ushbu hududda harakatlanish boʻyicha qisqa qoʻllanma:
Yoʻlovchilar uchun:
-Avtobuslar endi yoʻlning oʻrta qismidagi maxsus ajratilgan yoʻlak orqali harakatlanadi.
- Yoʻlovchilar avtobusga chiqish va tushishni yoʻl oʻrtasida joylashgan maxsus platformalardagi bekatlarda amalga oshiradilar.
- Platformaga faqat belgilangan piyodalar oʻtish joylari orqali chiqing, belgilanmagan joydan oʻtish qatʼiyan man etiladi.
- Avtobusni faqat old tomonidan aylanib oʻting. Yoʻlovchilar yoʻlni faqat belgilangan piyodalar oʻtish joylari orqali kesib oʻtishlari mumkin.
- Platformada sariq xavfsizlik chizigʻi ortida turing, avtobus toʻliq toʻxtagachgina eshikka yaqinlashing.
- Avval keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va bolali yoʻlovchilarga yoʻl bering.
- Bekat atrofida toʻxtab, suratga olish yoki telefondan foydalanishda ehtiyot boʻling – xavfsizlikni unutmang.
Haydovchilar uchun:
- Shota Rustaveli koʻchasining oʻrta yoʻlagi faqat avtobuslar harakati uchun moʻljallangan.
- Bu yoʻlakda boshqa transport vositalarining harakatlanishi, toʻxtashi yoki yoʻlni kesib oʻtishi qatʼiyan taqiqlanadi.
- Markaziy yoʻlakda avtobuslarga ustuvorlik beriladi. Ruxsat etilgan kesishmalarda avtobus harakatiga yoʻl bering.
- Ikki yoʻnalishda ham chapga burilish va ortga qayrilib olish taqiqlangan.
- Chapga burilish yoki qayrilish zarur boʻlgan haydovchilar belgilangan chorrahalar orqali harakatlanishlari lozim.