“Maxfiy xazina sandiqlari”: offshorlar, oʻzbeklar va global tizim
Offshorlarga pul chiqishi va soliq toʻlashdan boʻyin tovlash natijasida rivojlanayotgan va oʻrta rivojlangan davlatlar har yili milliardlab dollar mablagʻ yoʻqotmoqda.

Odamzot boylik orttirsa, hamma unga qiziqa boshlaydi: qayerdan topding, qayerda saqlaysan, soliq toʻladingmi?.. Ayniqsa, soliqlar masalasi boylarning gʻashiga tegadi. Ular soliqlarni toʻlamaslik yoki kamroq toʻlash yoʻllarini qidira boshlaydi.
Talab bor joyda taklif paydo boʻladi, albatta. Ayrim bank-moliyaviy xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlar va butun bir davlatlar soliqlardan va ortiqcha surishtiruvlardan xoli joylarni taklif eta boshladi. Bu nafaqat boyligini shubhali koʻzlardan pana saqlash istagidagi pul egalari, balki shu davlatlarning oʻzlari uchun ham foydali edi. Investitsiyalar oqimi kuchaydi, tranzaksiyalar oqimi kuchaygani oqibatida banklar faoliyati jonlandi, pirovardida ushbu mamlakatlar iqtisodiyoti rivojlanib, investitsion jozibasi yuksala boshlaydi. Ortiqcha savollar, begona koʻzlar va muqarrar soliqlardan pana boʻlgan bunday joylarni “soliq jannati” (tax haven) yoxud “offshorlar” deb atashadi.
Soliqlardan “panagohlar”
Offshor (inglizcha offshore – “qirgʻoqdan tashqarida”) – bu xorijiy kompaniyalarga biznesni roʻyxatdan oʻtkazish va operatsiyalarni amalga oshirish uchun past soliqlar, soddalashtirilgan hisobot va yuqori maxfiylik kabi maxsus imtiyozli shartlarni taklif qiladigan mamlakat yoki hududdir. Kompaniyalar soliqlarni optimallashtirish, aktivlarni himoya qilish va bizneslarining haqiqiy egalarini yashirish uchun offshor yurisdiksiyalardan foydalanadilar. Eng mashhur offshor yurisdiksiyalariga Britaniyaga tegishli Virjiniya, Kayman va Bermud orollari kiradi.
Shuni taʼkidlash kerakki, offshor yurisdiksiyalari jahon iqtisodiyotini mustahkamlashi mumkin boʻlsa-da, ular koʻpincha "soyadagi" xufyona biznes va mamlakatlardan mablagʻlarni olib chiqib ketish jarayonlari bilan bogʻliq boʻlib, bu oʻsha mamlakatlarning iqtisodiga putur yetkazadi. Vijdonsiz kompaniyalar soliqlardan qochish va aktivlarni yashirish uchun offshor hududlarni qidiradi.
Boylik chet elda yashirilishi mumkin boʻlganda, qonuniy iqtisodiy strategiya bilan aktivlarni yashirish sxemasi oʻrtasini ajratish qiyin kechadi. Toʻgʻri, offshorlar har doim ham qonuniy emas, lekin koʻpincha nazoratdan, soliqlardan yoki javobgarlikdan qochishni istaganlar uchun qalqon boʻlib xizmat qiladi.
Offshor yurisdiksiyalarining asosiy xususiyatlari
Imtiyozli soliqqa tortish mexanizmi. Offshor zonalardagi kompaniyalar barcha yoki aksariyat soliqlardan ozod qilinadi, buning oʻrniga yillik roʻyxatdan oʻtish pulini toʻlashadi.
Soddalashtirilgan hisobot va boshqaruv. Offshorlarda aksariyat hollarda moliyaviy hisobot yoki buxgalteriya hisobi talablari minimal boʻladi yoki umuman talab qilinmaydi.
Maxfiylik. Offshorlar pul tranzaksiyalari va mulkchilik maʼlumotlariga nisbatan yuqori darajadagi maxfiylikni taklif qiladi.
Mavzuga doir: Amaldorlarning pullari qanday “yuvilyapti”?
Roʻyxatga olingan mamlakatdan mustaqillik. Offshor kompaniyalar odatda iqtisodiy faoliyat bilan shugʻullanadi va ular tashkil etilgan mamlakatdan tashqarida foyda keltiradi.
Offshorlardan foydalanish maqsadlari
Soliq toʻlashni rejalashtirish. Yaʼni foydaning bir qismini offshor yurisdiksiyasiga oʻtkazish orqali kompaniyalarga soliq yukini kamaytirish.
Mulk tarkibini optimallashtirish. Nominal xizmatlar va offshor kompaniyalar orqali biznesning haqiqiy benefitsiarlarini (foyda koʻruvchilarini) yashirish.
Moliyaviy aktivlarni himoya qilish. Oʻz mablagʻ va aktivlarini soliq rezidenti sifatida roʻyxatga olingan, yaʼni yashash mamlakatidagi iqtisodiy beqarorlik yoki yuqori soliqlar bilan bogʻliq xavflardan saqlash.
Offshor kompaniya nima va nima uchun kerak?
Offshor kompaniya – bu past soliqlar, yengil regulyatsiya va yuqori maxfiylikka ega yurisdiksiyada roʻyxatdan oʻtgan firma. Odatda u soliqlarni kamaytirish, aktivlarni himoya qilish, chegara ortidagi operatsiyalarni yengillashtirish uchun qoʻllaniladi.
Soliq panohgohlari va offshor markazlari hamisha bir xil xususiyatda boʻlmaydi. Panohgoh juda past yoki nol soliq stavkalari va maxfiylikni taklif qiladi. Offshor markaz esa qonunlar ruxsat bersa, kapitalni saqlash uchun shunchaki qulay joy boʻlishi mumkin.
Offshor kompaniyaning afzalliklari pul egalarining anonim qolishi, hisobotda erkinlik, aktivlarni restriksiyalardan, soliq xavflaridan, siyosiy xatarlardan himoya qilishda koʻrinadi. Lekin bu kompaniyalar faoliyatida xatarlar ham mavjud. Masalan, davlat byudjeti daromadlari yoʻqotiladi, korrupsiya gullab-yashnaydi, pul yuvish, kapitalning chetga chiqishi, ishonchsizlik, iqtisodiy barqarorlikning izdan chiqishi kuzatiladi.
Offshorlarning tarixiy rivojlanishi
Offshor hududlar XX asrda faol rivojlana boshladi. Karib orollari, Panama, Bagama, Kayman orollari – maʼlumot oshkor qilish talabi kam boʻlgan ilk markazlar edi. 1970-80-yillardan keyin offshorlar global moliyaviy arxitekturaning bir qismiga aylandi: korporatsiyalar, boy shaxslar, baʼzida siyosiy elitalar ham kapitalni ochiq nazoratsiz saqlash va koʻpaytirish uchun ulardan foydalandi. 1990-yillar oxiridan va ayniqsa 2000-yillarda maxfiy maʼlumotlar “sizib chiqishi”, jurnalistik surishtiruvlar (Panama Papers, Paradise Papers, Pandora Papers) va xalqaro shaffoflik tashabbuslari kuchaydi – bu esa regulyatorlarning javob choralariga va qonunlar qattiqlashishiga olib keldi.
Taxminlarga koʻra, offshorlarga pul chiqishi va soliq toʻlashdan boʻyin tovlash natijasida rivojlanayotgan va oʻrta rivojlangan davlatlar har yili milliardlab dollar mablagʻ yoʻqotmoqda. Offshorlar hanuzgacha jozibali vosita boʻlib qolmoqda. Hatto xalqaro nazorat va benefitsiar egalarni ochiqlash talablari ham bunga xalaqit bera olmayapti.
Oʻzbekiston bilan bogʻliq misollar
Jamoatchilikka maʼlum surishtiruvlar va maʼlumotlar oqib chiqishidan bir necha holatlar maʼlum:
Patox Shodiyev – belgiya-oʻzbek oligarxi. Pandora Papers (2021) maʼlumotlariga koʻra, uning kamida 25 ta offshor kompaniyasi bor.
Sanjar Madumarov – Panama Papers’da qayd etilishicha, u Stockbridge Plus Ltd va Trident Overseas Management Ltd kabi offshor kompaniyalarda direktor boʻlgan. Jurnalistlar fikriga koʻra, bu kompaniyalar birinchi prezidentning qizi Gulnora Karimova bilan bogʻliq. Yaʼni Gulnoraning aktivlari Madumarov orqali oʻtgan. Gulnora Karimovaga oid koʻplab jinoiy ishlar ochilgan, uning Shveysariyada yuzlab million frank miqdoridagi aktivlari muzlatilgan yoki musodara qilingan.
Paradise Papers – 2016 (Mossack Fonseca kompaniyasining hujjatlari) Offshore Leaks bazalarida bir necha oʻzbekistonlik shaxslar offshor kompaniyalarda “amaldor” sifatida koʻrsatilgan. Aleksandr Polikashin, Suren Safarov, Dilxush Soatov, Rustamxon Tadjiyev va boshqalar ham shular jumlasidandir.
Sxemalardan foydalanish va faoliyatning misollari
Nominal direktorlar va aksiyadorlar – rasman egasi sifatida roʻyxatdan oʻtgan shaxslar, ammo amalda faqat “niqob” uchun foydalaniladi, haqiqiy egalari yashiriladi.
Offshorlar orqali turli mamlakatlardagi qimmat hududlarda joylashgan koʻchmas mulkka egalik qilish – bu kompaniyalar zanjiri orqali amalga oshadi; shaxs oʻzi toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrinmaydi, lekin offshor kompaniya orqali mulkka egalik qiladi.
Offshor firmalar orqali kapitalni oʻtkazish – keyinchalik ushbu firmalar orqali biznesga, xaridlarga, yaxtalarga, koʻchmas mulkka, sanʼat asarlariga va hokazolarga investitsiya qilinadi, bu esa pul manbasini kuzatishni qiyinlashtiradi.
Yuridik va regulyatoriy kontekst
Xalqaro tashkilotlar: OESR (OECD), FATF, ICIJ – tergovlar, maʼlumot almashish protokollari orqali faoliyat yuritadi. Ular oxirgi benefitsiarni ochiqlash, davlatlar orasida moliyaviy maʼlumotlar bilan avtomatik almashinuv standartlarini ilgari suradi.
Koʻplab mamlakatlardagi qonunlar offshor tuzilmalar haqida maʼlumot oshkor qilishni, chegaradosh toʻlovlar va operatsiyalar nazoratini, ayrim cheklovlar va hisobotlarni talab qiladi.
Oqibatlar va muammolar
Kapital chiqib ketishi – mamlakat infratuzilmasi, sogʻliqni saqlash, taʼlim uchun zarur boʻlgan pullar chetga chiqarib yuboriladi.
Tengsizlik – boylar va hokimiyatdagilar offshor vositalariga egaligi oddiy fuqarolarda adolatsizlik hissini kuchaytiradi.
Korrupsiya va ishonchsizlik – offshorlar yashirincha foydalanilganda, ular noqonuniy sxemalar uchun ishlatilmoqda, degan gumon paydo boʻladi. Bu davlat organlariga nisbatan ishonchni pasaytiradi.
Moliyaviy xatarlar – offshor kanallarni yopish, sanksiyalar, obroʻ yoʻqotilishi – bular hatto qonun doirasida ish yurituvchi bizneslarga ham taʼsir qilishi mumkin.
Xulosa
Offshorlar – mutlaq yomon vosita emas, ammo ular soyasida koʻzdan yashirin qolishi mumkin boʻlgan jihatlar bor. Boylik mehnat bilan emas, hokimiyat bilan bogʻlangan holda yaratiladigan (yoki oʻzlashtiriladigan) vaziyatlarda offshor – qalqon vazifasini bajaradi. Bu borada adolatli tizim oʻrnatilishi uchun, avvalo shaffoflik – kim haqiqiy benefitsiar ekanini bilish talab etilishi lozim. Shuningdek, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, qatʼiy qonunchilik bazasi va samarali ijro tizimiga ega boʻlish, hozircha soyada qolayotganlar ham muqarrar javobgarlikka tortilishi mumkinligini tushunish kerak boʻladi. Zero, ichki nazorat yetarli emas, bu faqat yechimning bir qismi xolos.
Abulfayz Sayidasqarov