Kuchli qor boʻroni sabab mingga yaqin kishi Everestda mushkul vaziyatda qoldi
Sayyohlik kompaniyalari dunyoning eng baland choʻqqisiga turlarni vaqtincha toʻxtatdi. Qutqaruv ishlari boshlandi.

Xitoy davlat matbuotiga koʻra, qor boʻroni tufayli Everest choʻqqisining sharqiy yon bagʻiridagi lagerlarda 1000 ga yaqin odam qamalib qoldi. Everestning uzoq Tibet hududida joylashgan choʻqqilarida qutqaruv ishlari olib borilmoqda.
Yuzlab mahalliy aholi va qutqaruv guruhlari 4900 metr (16 000 fut) balandlikda joylashgan hududga kirishni toʻsib qoʻygan qorlarni tozalash uchun joʻnatildi.
Xitoy OAVlarining xabar berishicha, baʼzi sayyohlar allaqachon qutqarilgan.
Kuchli qor juma kuni (3 oktabr) kechqurun boshlandi va alpinistlar va sayyohlar uchun mashhur boʻlgan Tibetdagi Everest togʻining sharqiy yon bagʻirlarida kuchaydi, deb xabar bermoqda BBC.
Blue Sky Tibet qutqaruv guruhiga kuchli qor yogʻishi tufayli chodirlar qulagani, ayrim alpinistlar allaqachon hipotermiyadan aziyat chekayotgani haqida qoʻngʻiroq qilgan.
Reuters xabariga koʻra, Tingri okrugi sayyohlik kompaniyasi 4 oktabrdan boshlab chiptalar savdosi va Everestni kuzatish maydonchasiga kirishni toʻxtatgan.
Mintaqada ayni damda ekstremal ob-havo sharoiti kuzatilmoqda: qoʻshni Nepalda soʻnggi ikki kun ichida kuchli yomgʻirlarda oʻnlab kishilar qurbon boʻlgan, koʻchki va suv toshqinlari yuz bergan.
Xitoyda “Matmo” toʻfoni qirgʻoqqa yetib keldi va taxminan 150 000 kishi uylarini tashlab ketishga majbur boʻldi.
Everest (Jomolungma) choʻqqisi dunyodagi eng baland choʻqqidir, balandligi 8849 metrdan (29500 fut) oshadi. Har yili koʻp odamlar uning choʻqqisiga chiqishga harakat qilsalar ham, ushbu jarayon oʻta xavfli hisoblanadi.
Soʻnggi yillarda odamlarning haddan tashqari koʻpligi, atrof-muhit ifloslanishi muammolari va bir qator halokatli hodisalar vaziyatni battar murakkablashtirdi.