Bojxona qoʻmitasi qimmatbaho telefon olib kirish boʻyicha maʼlumot berdi
Havo transportida 1000 AQSh dollarigacha boʻlgan qurilmalarni bojsiz olib kirsa boʻladi. "iPhone 17" narxi bundan oshiq boʻlgani sababli fuqarolar tovarning cheklangan meʼyorlardan ortiq qismiga nisbatan 30 foiz miqdorida yagona bojxona toʻlovi toʻlaydi.

Bojxona qoʻmitasi xorijdan qimmatbaho telefon olib kirish boʻyicha maʼlumot berdi.
Bugungi kunda jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali notijorat maqsadida mobil qurilmalarni olib kirishda bojxona toʻlovlari toʻlanishi yuzaga kelgan holatlar boʻyicha juda koʻplab savollar yuzaga kelmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 19 apreldagi 244-son qarori bilan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari:
-havo transportida 1000 AQSh dollari;
-temir yoʻl va daryo transportida 500 AQSh dollari;
-avtomobil (piyoda) oʻtkazish punktlari orqali 300 AQSh dollari etib belgilangan.
Bunda, mobil qurilma bojxona qiymati belgilangan normadan ortgan taqdirda, cheklangan meʼyorlardan ortiq qismiga nisbatan 30 foiz miqdorida yagona bojxona toʻlovi undiriladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 31 yanvardagi 55-son qaroriga asosan bojxona organlari tomonidan bojxona kirim orderini toʻldirish va rasmiylashtirish uchun BHMning 25 foizi (103 000 soʻm) bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻim undiriladi.
Oʻz navbatida, mobil qurilmaning bojxona qiymati cheklar, kvitansiyalar va (yoki) boshqa tijorat hujjatlari bilan tasdiqlangan, maʼlum qilingan qiymatdan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Shaxs tomonidan maʼlum qilingan tovarlarning bojxona qiymati toʻgʻri belgilanganligini tasdiqlovchi hujjatlar va maʼlumotlar boʻlmagan taqdirda bojxona organi tovarlarning bojxona qiymatini mustaqil ravishda belgilaydi.
Bunda, bojxona organi oʻz ixtiyorida mavjud boʻlgan narxlar toʻgʻrisidagi axborotdan yaʼni bojxona yuk deklaratsiyalari elektron baza maʼlumotlari va muqobil manbalaridan olingan narxlardan foydalanadi.
Muqobil manbalaridan olingan narxlarga ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki yetkazib beruvchilarning rasmiy eʼlon qilinadigan maʼlumotnomalari, byulletenlari, prays-varaqlari va boshqa ishonchli manbalar kiradi.
Misol uchun, bugungi kunda fuqarolar tomonidan eng koʻp qiziqish bildirilayotgan “iPhone” rusumidagi mobil qurilma olib kirilganda, uning bojxona qiymati agar xarid cheki, kvitansiyasi va (yoki) boshqa tijorat hujjatlari mavjud boʻlsa, undagi qiymatdan kelib chiqib, agar mavjud boʻlmasa ishlab chiqaruvchi hisoblanadigan “Apple”ning fuqaro kelayotgan davlatdagi rasmiy sayti maʼlumotlardagi narxlarga asoslaniladi.

Shuningdek, mazkur qurilmalarning bojxona qiymati ular olib kirilayotgan davlatdagi narxlarga chambarchas bogʻliq.
Shu munosabat bilan Bojxona qoʻmitasi “iPhone” rusumidagi mobil qurilmalarni bojxona rasmiylashtirish jarayonida qoʻllanilayotgan bojxona qiymati haqidagi maʼlumotlarni ular eng koʻp olib kirilayotgan davlatlar kesimida taqdim etib boradi.