Shavkat Mirziyoyev Imomali Rahmonni tugʻilgan kuni bilan tabrikladi
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 oktabr kuni boʻlib oʻtgan telefon orqali muloqotda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonni tavallud kuni bilan samimiy qutladi.
Prezident unga mustahkam sogʻlik va baxt-saodat, birodar Tojikiston xalqiga farovonlik va bardavom ravnaq tiladi.
Davlat rahbari Tojikiston Prezidentining mamlakat mustaqilligini mustahkamlash, barqaror taraqqiyotini taʼminlash va xalqaro nufuzini oshirishdagi oʻrnini qayd etib, Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan shaxsiy hissasini alohida taʼkidladi.
Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida koʻp qirrali sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, qishloq xoʻjaligi, turizm, madaniy-gumanitar almashinuv kabi ustuvor yoʻnalishlarni qamrab olgan amaliy hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirish boʻyicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Mamlakatlarda oʻtkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi ikki va koʻp tomonlama tadbirlar rejasi va kun tartibi ham muhokama qilindi, deyiladi xabarda.