DXX Xovos tumani hokimi oʻrinbosarini qoʻlga oldi
Karmanada esa hokim yordamchisi ushlandi. U M-37 avtomobil yoʻli yoqasidagi yer maydonini fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 100 mln soʻm talab qilgan.

DXX Xovos tumanida hokim oʻrinbosari, Karmana tumanida esa hokim yordamchisini ushladi.
Sirdaryo viloyati Xovos tumani hokimi oʻrinbosari hamda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining tuman boʻlimi mutaxassisi oʻzaro til biriktirib, noqonuniy boylik orttirishni maqsad qilishadi.
Ular, tasarrufida 452 gektar yer maydoni boʻlgan chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalikni kelgusi yil sholi yetishtirish taqsimotiga kiritish, eksport rejasi bajarilganligini tasdiqlash, taqsimotsiz sholi yetishtirgan holatiga nisbatan chora koʻrmaslik, shuningdek, goʻyoki Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan tumandagi fermer xoʻjaliklari faoliyati boʻyicha oʻtkazilayotgan tekshiruvda uni himoya qilish evaziga xoʻjalik rahbaridan joriy yilning iyun oyida 10 ming AQSh dollari olishadi.
Keyinroq esa hokimi oʻrinbosari yer maydonini davlat zaxirasiga olib qoʻyish va fermer xoʻjalik rahbariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻattirish bilan tahdid qilib, qoʻshimcha 20 ming AQSh dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Prokuratura organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, hokim oʻrinbosari soʻralgan pul mablagʻidan 10 ming AQSh dollarini oʻzining hamtavogʻi boʻlgan mutaxassis orqali olgan vaqtida ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Hozirda hokim oʻrinbosari hamda viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining tuman boʻlimi mutaxassisiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Navoiy viloyatida kuzatilgan holatda esa Karmana tumanidagi mahalla fuqarolar yigʻinlaridan birida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalariga masʼul boʻlgan hokim yordamchisi noqonuniy ravishda 40 mln soʻm olgan. Jarayonda u Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Aniqlanishicha, hokim yordamchisi xizmat mavqeidan foydalangan holda oʻzganing ishonchiga kirib, 2024 yilda boshqa bir fuqaroga ijaraga berilgan M-37 avtomobil yoʻli yoqasidagi 12 kv.m yer maydonini uni nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 100 mln soʻm talab qilgan.
Hozirda hokim yordamchisiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Taʼkidlash kerakki, 2024 yil may oyida ham Xovos tumani hokimi oʻrinbosarlaridan biri pora bilan ushlangandi.