Nasiya bozori boʻyicha axloq qoidalari loyihasi eʼlon qilindi
Reklama materiallarida “0 foiz”, “bepul”, “barchaga mos” kabi chalgʻituvchi iboralardan foydalanish taqiqlanadi.

Nasiya savdo bozorini tartibga solish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.
Markaziy bank nasiya savdo bozori ishtirokchilarining axloq qoidalari loyihasini eʼlon qildi. Hujjat loyihasida Oʻzbekistonda nasiya savdo bozorida yangi talablar joriy etish koʻzda tutilgan.
Loyihaga koʻra, FinTex Assotsiatsiyasi orqali bozor ishtirokchilari uchun “Ishonch belgisi” tizimi joriy etiladi. Ushbu belgi nasiya xizmatlari shaffof va qonunga muvofiq yoʻlga qoʻyilganini anglatadi.
Shartnomalar va maʼlumot oshkoraligiga oid qoidalarga koʻra, har bir nasiya tashkiloti oʻz rasmiy veb-saytida barcha mahsulotlar, toʻlov tartibi, komissiya va jarimalar haqida ochiq maʼlumot berishi lozim. Mijozlar shartnoma tuzishdan oldin yillik foiz (APR), umumiy toʻlov summasi va kechiktirish oqibatlari haqida toʻliq xabardor qilinishi shart. Shuningdek, reklama materiallarida “0%”, “bepul”, “barchaga mos” kabi chalgʻituvchi iboralardan foydalanish taqiqlanadi.
Yangi talablarga koʻra, nasiya xizmatlari faqat 18 yoshdan katta fuqarolarga koʻrsatiladi, ilk limit 2 mln soʻm etib belgilangan. Agar mijoz limitni oshirishni xohlasa, uning qarz yuki 50 foizdan oshmasligi kerak. Qarzdorlikni undirish jarayonida tahdid yoki bosim oʻtkazish kabi noqonuniy usullardan foydalanish qatʼiyan man etiladi. Barcha foiz va yigʻimlar yiliga asosiy qarzning yarmidan koʻp boʻlmasligi lozim.
Shu bilan birga, firibgarlikning oldini olish maqsadida yangi mijozlar biometrik usulda roʻyxatdan oʻtkaziladi, tashkilotlarda axborot va kiberxavfsizlik boʻlimlari faoliyat yuritadi. Kredit byurolari bilan axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi.
Loyihani boyitish uchun takliflar qabul qilinmoqda.
Avvalroq uch bank Markaziy bank tomonidan qoidabuzarlik sabab katta jarimaga tortilgandi.
TBS bank tomonidan qarz oluvchilarga ortiqcha belgilangan 2,5 mlrd soʻm foizlar hamda qonunga zid ravishda hisoblangan 1,7 mlrd soʻm foizlar isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.