Manba: Kannavaro Oʻzbekistonda yiliga 4 mln yevro oladi
Hozirda bir yillik kelishuvga erishilgan. Agar terma jamoa 2026 yilgi jahon chempionatida yaxshi natija koʻrsatsa shartnoma uzaytirilishi mumkin.

Oʻzbekiston termasining boʻlajak bosh murabbiyi boʻlishi kutilayotgan Fabio Kannavaroning taxminiy maoshi qancha boʻlishi aytildi.
52 yoshli italiyalik futbolchi va murabbiyining Oʻzbekistondagi maoshi murabbiylar shtabi xarajatlarini hisobga olgan holda taxminan 4 million yevroni tashkil qiladi.
Bu haqda Fabio Kannavaro va Oʻzbekiston terma jamoasi oʻrtasidagi kelishuvga yaqin italiyalik manbaga asoslanib, "Sport Ekspress" xabar bermoqda.
Kannavaro Italiya yoki boshqa Yevropa davlatidan takliflar kutayotgan edi, shuning uchun u Markaziy Osiyodagi ishni darhol qabul qilmadi. 2006 yilgi jahon chempioniga Qozogʻiston terma jamoasi ham qiziqish bildirgan.
Yakunda Kannavaro Oʻzbekiston shartlarini qabul qilib, bir yillik kelishuvga erishgan.
Agar terma jamoa 2026 yilgi jahon chempionatida yaxshi natija koʻrsatsa, Fabio Yevropaga qaytish yoki Oʻzbekiston bilan shartnomasini uzaytirishdan umidvor.
Kannavaroning 2024 yilning noyabrida C Seriyaning "Pro Vercelli" klubidan ketgan 44 yoshli akasi Paolo uning shtabiga qoʻshilishi mumkinligi haqida taxminlar bor.