platina.uz
Jamiyat

Hakam sudi sudyasi, veterinariya boshqarmasi oʻrinbosari ushlandi

Toshkent shahar kanallardan foydalanish boshqarmasining esa ikki mansabdori qoʻlga olindi. Ular Boʻzsuv kanali hududiga toʻkilgan chiqindi tuproqlar uchun 60 mln soʻm miqdorida jarima qoʻllamaslik boʻyicha pul talab qilishgan. 

Hakam sudi sudyasi, veterinariya boshqarmasi oʻrinbosari ushlandi

Namangan, Fargʻona va Samarqand viloyatlari hamda Toshkent shahrida korrupsion holatlar aniqlandi.

Oʻzbekiston xalqaro arbitraj va hakamlik sudlarini rivojlantirish jamoat fondi huzuridagi doimiy faoliyat koʻrsatuvchi Namangan viloyat hakamlik sudi sudyasi Chust tumanida yashovchi shaxsga mazkur tumanning “Mustaqillik” MFYdagi 6 sotix yer maydonida joylashgan, qurilishi tugallanmagan bahsli noturar binoga egalik huquqini beruvchi hal qiluv qarorini chiqarib berish evaziga 3200 AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda hakamlik sudi sudyasi ushbu pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida boshqa tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda Fargʻona viloyati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Oʻzbekiston tumanidagi chorvachilik bilan shugʻullanuvchi fermer xoʻjalikning naslchilik toifasiga oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma rasmiylashtirib berganligi evaziga mazkur xoʻjalikning ish boshqaruvchisidan 500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Dastlabki surishtiruv tadbirlari davomida bosh mutaxassis ushbu pul mablagʻini viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosariga berishi kerakligi maʼlum boʻlib, tezkor tadbir davom ettirildi va mazkur mansabdor shaxs 300 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Samarqand viloyatida kuzatilgan holatda, Pastdargʻom tumanida buxgalteriya xizmatlari koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanuvchi MChJ rahbari 2 nafar fuqaroni ishonchiga kirib, ularni oʻzi buxgalteriya ishini olib borayotgan korxonalarning goʻyoki ishchi xodimi boʻlganliklari haqida soxta maʼlumotlar kiritish orqali ish stajlarini koʻpaytirib, har biriga 2,5 mln soʻmdan pensiya tayinlanishini “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi Pastdargʻom tuman boʻlimi xodimi bilan hal qilib, nafaqaga chiqarib berish evaziga 2000 AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda MChJ rahbari kelishilgan puldan 1900 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Bu kabi qonunbuzilishi poytaxtimizda ham qayd etilib, xususan, Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasining 2 nafar boʻlim boshligʻi oʻz xizmat mavqeilaridan foydalangan holda, qurilish firmasi tomonidan Boʻzsuv kanali hududiga toʻkilgan chiqindi tuproqlar uchun 60 mln soʻm miqdorida jarima qoʻllanilishi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirmaslik va kelgusida rahnamolik qilish evaziga tamagirlik yoʻli bilan 30 mln soʻm olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX avvalroq Fargʻonada soliq katta inspektori 30 ming dollar bilan ushlangani haqida xabar bergandi.

U qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan 48 sotix yerni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga pul soʻragan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 70 119 55 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid