platina.uz
Iqtisod

Uch bank qoidabuzarlik sabab katta jarimaga tortildi

TBS bank tomonidan qarz oluvchilarga ortiqcha belgilangan 2,5 mlrd soʻm foizlar hamda qonunga zid ravishda hisoblangan 1,7 mlrd soʻm foizlar isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi. 

Uch bank qoidabuzarlik sabab katta jarimaga tortildi

Markaziy bank uch tijorat bankiga jarima belgilandi.

Joriy yilning oʻtgan davrida bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirish yoʻnalishida qonunchilik talablariga rioya etilayotganligi yuzasidan TBC bank, Davr bank va Hamkorbankda oʻrganish oʻtkazilganda, ushbu banklar tomonidan qator qoidabuzarliklarga yoʻl qoʻyilayotganligi aniqlandi.

Jumladan, TBC bankda:

- bank rasmiy veb-saytida axborot berish va isteʼmolchiga beriladigan axborotning minimal hajmi boʻyicha talablarni bajarmaslik;

- kredit shartnomalari boʻyicha garov mulkiga nisbatan bankning huquqlari toʻgʻrisidagi yozuv qonunchilikda belgilangan muddatdan kechiktirib garov reyestridan va garov mulklarini taqiqdan chiqarish;

- qarz oluvchilarning oʻz moliyaviy ahvolini tahlil qilishi zarurligi toʻgʻrisida ogohlantirilmasdan onlayn mikroqarzlar ajratish, kreditni qoplash uchun kelib tushgan mablagʻlarni qarzdorlikni soʻndirishga oʻz vaqtida yoʻnaltirmaslik;

- bankda murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik holatlari.

Davr bankda:

- bankning bir xizmatini isteʼmolchiga qoʻshimcha xizmatdan foydalanish sharti bilan koʻrsatish;

- xorijiy valyutada ajratilgan kreditlar boʻyicha kunlik foizlarni notoʻgʻri hisoblash (undirish);

- bank rasmiy veb-saytida axborot berish va isteʼmolchiga beriladigan axborotning minimal hajmi boʻyicha talablarni bajarmaslik;

- isteʼmolchilar bilan tuzilgan shartnomalarga (bank ichki qoidalariga) ularning huquqlarini cheklab qoʻyadigan va (yoki) shartnomalarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar kiritilmaganligi bilan bogʻliq holatlar;

- jismoniy shaxslar bilan tuzilgan kredit shartnomalarida kreditning toʻliq qiymatini koʻrsatmaslik;

- bank mobil ilovasi orqali onlayn kredit ajratishda ushbu xizmatning asosiy isteʼmol xususiyatlari, shu jumladan oʻziga xos xususiyatlari haqida toʻliq va toʻgʻri maʼlumot berilmaganligi;

- kredit shartnomalari boʻyicha garov mulkiga nisbatan bankning huquqlari toʻgʻrisidagi yozuv qonunchilikda belgilangan muddatdan kechiktirib garov reyestridan va garov mulklarini taqiqdan chiqarish;

- bankda murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik holatlari.

Hamkorbankda:

- bank rasmiy veb-saytida axborot berish va isteʼmolchiga beriladigan axborotning minimal hajmi boʻyicha talablarni bajarmaganligi hamda shartnomalarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar kiritilmaganligi;

- kredit ajratish jarayonida qonunchilikka amal qilinmagan holda kredit hujjatlarini koʻrib chiqish va kredit ajratish uchun bir martalik komissiyalar hamda garov mulkini taqiqqa qoʻyish va qoʻyilgan taqiqni bekor qilishga xizmat haqlari undirilganlik;

- kredit shartnomalari boʻyicha garov mulkiga nisbatan bankning huquqlari toʻgʻrisidagi yozuv qonunchilikda belgilangan muddatdan kechiktirib garov reyestridan va garov mulklarini taqiqdan chiqarish;

- bankda murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik holatlari.

Markaziy bank tomonidan yuqorida koʻrsatib oʻtilgan qoidabuzarliklar xususiyati, miqyosi, davomiyligi va boshqa holatlar inobatga olingan holda TBC bankka nisbatan 615,0 mln soʻm, Davr bankka nisbatan 931,0 mln soʻm va Hamkorbankka nisbatan 955,0 mln soʻm miqdorida jarima sanksiyasi qoʻllanildi.

Shuningdek, aniqlangan holatlarni bartaraf etish, isteʼmolchilarga yetkazilgan zararni qoplash va ularning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan banklarga aniq koʻrsatmalar berdi.

Jumladan, TBC bank tomonidan kreditni qaytarish jadvalida koʻrsatilgan toʻlovlardan koʻp kelib tushgan mablagʻlar belgilangan tartibda qarzdorlikni soʻndirishga yoʻnaltirilmaganligi natijasida qarz oluvchilarga ortiqcha hisoblangan 2,5 mlrd soʻm foizlar hamda kreditlar boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida sud qarorlari chiqarilgandan soʻng qonunga zid ravishda hisoblangan 1,7 mlrd soʻm foizlar isteʼmolchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.

Davr bank tomonidan xorijiy valyutada ajratilgan kreditlar boʻyicha ortiqcha hisoblangan 1,7 mlrd soʻm foizlar, qonunchilikka zid ravishda kredit summasidan ushlab qolingan 1,9 mlrd soʻm mablagʻlar va garov mulkini taqiqqa qoʻyish uchun undirilgan 461,6 mln soʻm toʻlovlar isteʼmolchilarga qaytarib berildi.

Hamkorbankka esa qonunchilikka zid ravishda kredit ajratishda undirilgan 19,2 mlrd. soʻm toʻlovlar hamda garov mulkini taqiqqa qoʻyish va taqiqdan chiqarish uchun undirilgan 1,5 mlrd. soʻm toʻlovlar, shuningdek kredit shartnomalariga nazarda tutilmagan boʻlsa-da, lekin qarz oluvchilardan undirilgan 54,9 mln. soʻm komissiyalarni isteʼmolchilarga qaytarib berishni taʼminlash yuzasidan vazifalar yuklatildi.

Bundan tashqari, Markaziy bankka moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilaridan kelib tushayotgan murojaatlarda koʻtarilayotgan asosli masalalar isteʼmolchilar foydasiga hal qilinmoqda.

Jumladan, Markaziy bankka bank tizimi boʻyicha kelib tushgan murojaatlarning 121 tasida keltirilgan shikoyatlar, shu jumladan 68 tasi boʻyicha 2,4 mlrd soʻmlik moliyaviy naflar murojaat qiluvchining foydasiga hal etildi.

Xususan:

- 20 ta holatda sudning hal qiluv qaroridan keyin qonun hujjatiga zid ravishda hisoblangan 1,5 mlrd soʻmlik foiz va penyalar bekor qilinishi hamda mijoz bilan qayta hisob-kitob qilinishi;

- 26 ta holatda kredit qarzdorligi hisobi notoʻgʻri va asossiz yuritilishi oqibatida qarz oluvchidan ortiqcha undirilgan 635,8 mln soʻmlik mablagʻlar qaytarilishi;

- 22 ta holatda 307,5 mln soʻmlik asossiz undirilgan xizmat haqlari, toʻlovlar va kredit mablagʻlari mijozlar foydasiga qaytarilishi taʼminlandi.

Markaziy bank sentabr oyida oʻndan oshiq bank va 2 ta toʻlov tashkiloti ogohlantirgandi.

Ular muammoli kreditlarni undirish va ular qoldigʻini kamaytirish bilan bogʻliq rejalarni bajarmagan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 70 119 55 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid