Kambagʻal oilalarga noutbuk, skuter va ishlab chiqarish uskunalari uchun kredit beriladi
Arizalar qarz oluvchi tomonidan mustaqil ravishda yoki “mahalla yettiligi” koʻmagi asosida platforma orqali taqdim etiladi. 30 mln soʻmgacha kredit berilishi mumkin.

Kambagʻal oilalarga kredit ajratish tartibi belgilandi.
Hukumat qarori (612-son, 30.09.2025 y.) bilan “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarga kreditlar ajratish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi AT “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” ATB tomonidan kambagʻal oilalarga quyidagilarni sotib olish uchun kreditlar ajratish tartibini belgilaydi:
- noutbuk;
- tadbirkorlikni boshlash uchun kichik ishlab chiqarish uskunalari;
- koʻchma doʻkon, motoroller, skuter va shu kabi boshqa asosiy vositalar.
Dastur doirasida kredit arizalari qarz oluvchi tomonidan mustaqil ravishda yoki, zarur hollarda, “mahalla yettiligi” koʻmagi asosida platforma orqali taqdim etiladi.
Arizalar skoring baholash natijalariga koʻra 1 ish kunida koʻrib chiqish uchun qabul qilinadi.
Biriktirilgan rahbar arizani 5 ish kunida joyiga chiqqan holda oʻrganadi.
Oʻrganish natijasi boʻyicha fotohisobot va kredit ajratish yoki ajratishni rad etish toʻgʻrisidagi xulosani platformaga joylashtiradi.
Qarz oluvchilarga kreditlar Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi foiz stavkasida ustama haq toʻlash sharti bilan quyidagicha ajratiladi:
- 15 mln soʻmgacha boʻlgan 1 ta noutbuk sotib olish uchun 5 yilgacha muddatga 2 yil imtiyozli davr bilan;
- tadbirkorlikni boshlash uchun qiymati 30 mln soʻmgacha boʻlgan asosiy vositalarni sotib olish uchun 5 yilgacha muddatga boʻlib toʻlash sharti bilan.
Avvalroq subsidiyaga ariza qabul qilish boshlangani xabar berilgandi.
Ipoteka subsidiyasi ball toʻplash asosida shakllantiriladi. Balllar asosida eng koʻp ustuvorlikka ega oilalar subsidiya olish imkoniyatiga ega boʻladi.