platina.uz
Jamiyat

Toshkentda dorixona va doʻkon nomlari yozilgan peshtaxtalar buzilyapti

Vazirlar Mahkamasi 5 yil avval imzolagan 104-qarorda axborot beruvchi peshlavhalar yuzasi 1 kvadrat metrdan ortiq boʻlmasligi kerak deb koʻrsatilgan.

Toshkentda dorixona va doʻkon nomlari yozilgan peshtaxtalar buzilyapti
Foto: ijtimoiy tarmoq

Toshkentdagi doʻkonlar va dorixonalarga ilingan peshtaxtalar buzib tashlanyapti. Bunga shahar hokimligining Raqamli rivojlanish departamenti yuborgan ogohlantirish xatlari asos boʻlgan.

Departamentga koʻra, doʻkon nomi yozilgan peshlavhalar tashqi reklama hisoblanadi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2020 yil fevraldagi 104-sonli qarorida belgilangan. Unga koʻra, axborot beruvchi peshlavhalar yuzasi 1 kvadrat metrdan ortiq boʻlishi kerak emas. Aks holda, ular tashqi reklama deb baholanadi va belgilangan tartibda reklama joyining pasporti rasmiylashtirilib, toʻlov qilinishi lozim.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 31 avgustdagi 428-son qarorida xususiylashtirilgan, ijaraga berilgan yoki nodavlat tashkilotlarga tegishli boʻlmagan yer uchastkalari, xususiy mulk boʻlgan binolarda tashqi reklama obʼektlarini joylashtirish uchun reklama joyi pasporti Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali rasmiylashtirilishi lozimligi belgilangan.

Tadbirkorlarning aytishicha, bu talab “mini market”, “dorixona”, “goʻsht doʻkoni” kabi brend nomini koʻrsatmaydigan peshlavhalarga ham qoʻllanyapti.

Biznes-ombudsmanning maʼlum qilishicha, Dorixonalar assotsiatsiyasi raisidan dorixona peshlavhalari reklama sifatida baholanayotgani haqidagi norozilik murojaati kelib tushgan. Murojaatda “dorixona” yozuvi oddiy axborot beruvchi peshlavha ekani, hech qanday brend yoki mahsulot targʻib qilinmayotgani taʼkidlangan.

“Dorixona yozuvi 1 kvadrat metrdan katta boʻlsa, reklama sifatida talqin qilinmoqda, lekin dorixona soʻzi brend yoki tovar nomi emas. Talab qonuniy, ammo adolatli emas. Bu hukumatning 104-sonli qarorida nazarda tutilgan. Biznes-ombudsman tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish uchun qarorga oʻzgartirish kiritish masalasini koʻryapti”, degan biznes-ombudsman vakili.

Ushbu holatga Vazirlar Mahkamasi, Raqobat qoʻmitasi va Toshkent shahar hokimligi hozircha rasmiy izoh bermadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid