Sadir Japarov oʻlim jazosini qayta tiklashni taklif etdi
Bolalar, qizlar va ayollarga nisbatan jinoyatlar uchun eng ogʻir jazo qoʻllanadi. Bir necha kun avval Qirgʻizistonda 17 yoshli qizning jasadi topilgandi.

Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov ogʻir jinoyatlar uchun oʻlim jazosini tiklashni taklif qildi. Bu haqda uning matbuot kotibi Askat Alagozov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida maʼlum qildi.
“Prezident Administratsiyaning Huquqni taʼminlash boʻlimi rahbari Murat Ukushevga topshiriq berdi. Unga koʻra bolalar, qizlar va ayollarga nisbatan jinoyatlar uchun eng ogʻir jazo choralarini nazarda tutuvchi qonunchilikka oʻzgartishlar kiritish loyihasini ishlab chiqish topshirildi”, deyiladi bayonotda.
Alagozovning taʼkidlashicha, voyaga yetmagan qiz Aysuluning oʻta shafqatsiz oʻldirilishi boʻyicha jinoyat ishi Qirgʻiziston rahbarining shaxsan nazoratida boʻlib turibdi.
Qirgʻiz nashrlariga koʻra, 27 sentabr kuni Jeti-Oʻgʻuz tumanining Barskoon qishlogʻida yashovchi 17 yoshli Aysulu Mukasheva bedarak yoʻqolgan, keyinroq uning jasadi Kemin tumanida topilgan.
Politsiya 41 yoshli Bishkek fuqarosini qoʻlga oldi. Soʻroq paytida erkak qizni oʻgʻirlagani, zoʻrlagani va oʻldirganini tan oldi.
Qirgʻizistonda rasman 2007 yilda oʻlim jazosi bekor qilingandi.