Oliy toifali oʻqituvchilarga ipoteka krediti beriladi
Ushbu kredit boshlangʻich badalining 25 foizini davlat qoplab beradi. Pedagogning oʻqishga kirgan farzandi konrakti uchun chegirma joriy etiladi.

2026 yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega boʻlgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlangʻich badalining 25 foizi qoplab beriladi. Bu haqda prezident tabrigida soʻz borgan.
"Biz oʻqituvchi va ustozlik kasbining maqomi va nufuzini oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaramoqdamiz. Shu bois soha xodimlarining mehnat va yashash sharoitini yaxshilash islohotlarimizning eng ustuvor yoʻnalishi boʻlib qoladi. Jumladan, yangi yildan boshlab kamida 15 yil stajga ega boʻlgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlangʻich badalining 25 foizi qoplab beriladi", deyiladi tabrikda.
Shuningdek, kelgusi oʻquv yilida davlat oliygohlariga oʻqishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma joriy etilishi moʻljallanmoqda. Oʻqituvchilarning zamonaviy kompyuter texnikalarini xarid qilishlari uchun 10 million soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi.
"Yangi yildan soha xodimlari uchun davlat xizmatlari toʻlovi ikki karra kamaytiriladi. Dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga oʻqishga kirgan boʻlgʻusi pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli taʼlim krediti ajratiladi. Muxtasar aytganda, oʻqituvchi va murabbiylik kasbini jamiyatimizdagi eng muhim va obroʻli kasbga aylantirish boʻyicha boshlagan ishlarimiz izchil davom ettiriladi", deyiladi tabrikda.