platina.uz
Jamiyat

Manipulyatsiya qurboni boʻlgan oʻzini oʻzi band qilganlar

Bu orqali endi ishsizlar soni bugundan keskin osha boshlaydi, balki bosh islohotga aylangan kambagʻallik darajasi ham.

Manipulyatsiya qurboni boʻlgan oʻzini oʻzi band qilganlar

Bugun, 1 oktabrdan moped va skuterlar uchun haydovchilik guvohnomasi va davlat raqami belgilari talabi kuchga kirdi. Endi minglab talabalar va yoshlar yana ishsizga aylanadi. Chunki "prava"ga oʻqish va raqam sotib olish ancha qimmat va uzoq jarayon.

Ushbu qoidalar kuchga kirgunga qadar jamoatchilikning jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻldi. Ammo tashabbuskorlar boʻlmish Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi mopedlar ishtirokidagi YTHlar statistikasi bilan kifoyalandi xolos.

Jumladan, partiyalardan birinchi va yagona boʻlib bong urgan Xalq demokratik partiyasi moped va skuterlarni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab etilishi muddatini keyingi yilga qoldirgan holda, haydovchilik guvohnomasi va davlat raqamini olish uchun muddatlar va toʻlovlar miqdorini qayta koʻrib chiqishni taklif etgandi.

Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati esa "skuter va moped haydovchilari yoʻl harakati qoidalarini bilmasligi oqibatida qanchadan-qancha avtohalokatlar sodir boʻlib, odamlar vafot etayotganini bildirgan. Unga koʻra, 2025 yilning 8 oyida skuter va moped singari transport vositalari ishtirokida 300 dan ortiq YTH yuz bergan, ular oqibatida 53 kishi vafot etib, 259 kishi tan jarohati olgan.

"Gazeta" mopedchi-kurerlarning fikrlarini oʻrganib chiqqan. Ularning aksariyati ishsiz qolishi, qishloqqa qaytib ketishi, oʻqishga va raqamga toʻlov qilishga imkoni yoʻqligi, A toifani oʻqitadigan avtomaktablar kamligi haqida gapirishgan.

Blogerlar nima deydi?

Iqtisodchi bloger Otabek Bakirovning bildirishicha, 130 ming ish oʻrni bir kunda yoʻq boʻlishi mumkin.

"Oʻzbekistonda davlatdan trillionlab subsidiya va imtiyozlar olishi, milliardlab dollarlik pudratlar va davlat buyurtmalariga ega chiqishi, millionlab oʻzbekistonliklarni qon qaqshatib proteksionistik cheklovlar tufayli dollardagi milliarderlarga aylanganiga qaramay, biron bir oligarx yoki choʻntak vallomat hali 100 ming ishchi tugul, 50 ming ishchi oʻrni yaratmagan.

Lekin davlatdan va byudjetdan bir soʻm pul olinmay, oxirgi 2-3 yilda yangi bozor paydo boʻlishi hisobiga yaralgan 130 ming ish oʻrni bir kunda yoʻq boʻlishi mumkin. Buyam qaysidir bir ochofat toʻdaning tor manfaatini hukumat qaroriga koʻr-koʻrona kiritib yuborishgani tufayli", deb yozgan Bakirov.

Blogerga koʻra, aslida buning oson yoʻli bor edi: moped va skuterlarni Davlat xizmatlari markazlarida stiker bilan identifikatsiyalash, haydovchilari uchun imtihonsiz M toifali guvohnoma joriy qilish.

"Pulxoʻrlar oʻz maqsadiga yetish uchun oʻlimlar bilan bogʻliq axborot manipulyatsiyasini ishlatishgacha bormoqda", deya kuyungan bloger.

Bloger Davletovuz Telegram kanali ham noroziligini bildirib, oson va arzon yechim kerakligini yozgan.

"Tan olish kerakki, hali koʻpchilik bu amaliyotga tayyor emas. Yaʼni guvohnoma olish uchun oʻqimagan, imtihon topshirib kerakli hujjatni ham olmagan. Eʼtiborlisi – bu vosita yoshlarni ish bilan taʼminlash, kambagʻallar uchun ortiqcha gʻalvasiz ish oʻrni yaratayotgan yetkazib berish xizmatining oʻta zarur quroliga aylandi.

Prezident boshchiligida bahorda oʻtkazilgan selektorda “kurerlik xizmati korxonalari moped olib kelib, odamlarni ish bilan taʼminlayotgani, lekin mopedning oʻzi 300 dollar tursa, uni standartdan oʻtkazib, sertifikat olishga yana shuncha mablagʻ ketayotgani” tanqid qilinganida ham maqsad shu edi.

Ha, tartib boʻlishi kerak, ha, xavfsizlik ham juda muhim. Lekin buni ertadan kechgacha ishlab, roʻzgʻorini tebratayotgan, oʻqishiga yordam qilayotgan, ota-onasiga koʻmaklashayayotgan bechora kurerlarning zimmasiga tashlab qoʻyish — bandlik va kambagʻallikka qarshi kurash siyosatidan chekinishdir.

Mutasaddilar, kerak boʻlsa, agregatorlar bilan hamkorlikda tez va samarali yechim topishi lozim. Qisqa muddatda (bir haftalik, 10 kunlik) ortiqcha byurokratik talablarsiz oʻqitib, skuter va moped haydovchilik guvohnomasi narxlarini choʻntakbop qilish, zarur boʻlsa, byudjetdan kompensatsiya qilish yoʻlidan borish maqsadga muvofiq. Chunki moped va skuterga hashamatli transport vositasi emas, balki mehnat quroli sifatida qarash kerak", deb yozgan bloger.

Bloger Muhrim ham oʻz fikrlarini bildirdi:

"Bu “islohot” boshqa kechiktirilmasa kerak, chunki bu “islohot”ning buyurtmachilari pul ishlashi kerak, shundoq ham bir marta kechiktirilganidan ancha pul yoʻqotgan chiqar. Ularga oʻzbeklarning Rossiyaga mardikorchilikka ketish-ketmasligi, talaba kontraktini endi toʻlay oladimi-yoʻqmi, qiziq emas. “Yeyishga noningiz boʻlmasa, pirojniy yeng” deydigan toifa ular. Pulini ishlasa boʻldi. Pul, pul, pul!".

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid