Teleboshlovchining oʻlimi sabab jazolangan shifokorlarga nisbatan hukm oʻzgartirilmadi
Ularning har biriga 1,5 yil muddatga sogʻliqni saqlash tizimida reanimatolog vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.

Toshkentda teleboshlovchi R.Yaning oʻlimi sabab sudlangan shifokorlarga berilgan jazo oʻzgartirilmadi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudining 2025 yil 7 apreldagi hukmiga muvofiq A. K. (1996 yilda Andijon viloyatida tugʻilgan, “DOKTOR-SERVIS” tibbiyot markazi reanimatologi vazifasida ishlagan) va Oʻ. K. (1995 yilda Namangan viloyatida tugʻilgan, “DOKTOR-SERVIS” tibbiyot markazi reanimatologi vazifasida ishlagan) Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgandi.
Ularning har biriga 1,5 yil muddatga sogʻliqni saqlash tizimida reanimatolog vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Shuningdek sudning hukmi bilan A. K. va Oʻ. K.dan solidar tartibda jabrlanuvchi marhuma R. Ya.ning qonuniy vakili D. I.ning foydasiga 334 150 000 soʻm miqdorida moddiy zarar undirilishi belgilangan.
Jabrlanuvchining qonuniy vakili D. I.ga jinoyat oqibatida yetkazilgan boshqa moddiy va maʼnaviy zararlarni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 30 sentabrdagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hukmi oʻzgarishsiz, apellyatsiya shikoyatlari qanoatlantirilmasdan qoldirildi.